Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston voqealariga to‘xtaldi

Olam

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda Oliy Majlis palatalariga yo‘llayotgan murojaatnomasida Qoraqalpog‘iston voqealariga to‘xtaldi.

So‘zi avvalida davlat rahbari dunyoda ro‘y berayotgan voqealar haqida so‘z ochdi. 

“Hammamiz ko‘rib-bilib turibmiz – bugun insoniyat nihoyatda murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Yer yuzidagi iqlimning keskin o‘zgarishi, suv va tabiiy resurslar kamayishi bilan bog‘liq muammolar katta xatarlarga aylanmoqda. Xalqaro munosabatlarda o‘zaro ishonch kamayib, qarama-qarshilik va mojarolarning ortishi barqarorlik va rivojlanishga jiddiy xavf solmoqda. Afsuski, bunday xavf-xatarlar bizni ham chetlab o‘tmayapti”, deydi Prezident

Prezidentning alohida urg‘ulashicha, Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan noxush voqealar xalqni qattiq qayg‘uga solgan

“Xudoga shukur, ko‘p millatli xalqimizning oqilligi va donishmandligi bilan vaziyat tezda izga tushdi. Biz uchun “Qoraqalpog‘iston yutug‘i – butun O‘zbekiston yutug‘i, Qoraqalpog‘iston tashvishi – butun O‘zbekiston tashvishi”, degan g‘oya hamisha amaliy harakat dasturi bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi!”, deydi davlat rahbari.

Uning ta’kidlashicha, asrlar davomida et va tirnoq kabi bir bo‘lib ketgan xalqlar do‘stligiga hech qanday kuch ta’sir ko‘rsata olmaydi. 

“Chunki, bizning o‘tmishimiz bir, bugunimiz ham, kelajagimiz ham bir!”, deydi Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.

Bugun, 4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.

Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

96

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing