Mirziyoyev Qatar Amiri bilan gaplashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 7 iyul kuni Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, O‘zbekiston-Qatar strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilingan.

Suhbat avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qatar Amirining Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi faol sa’y-harakatlarini yuksak baholagan.

“Keyingi paytlarda jadal tus olgan ikki tomonlama muloqot va almashinuvlar samarali bo‘layotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiya ko‘rsatkichlari faol o‘smoqda, sanoat kooperatsiya va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalar texnik jihatdan tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Shu ma’noda, bo‘lajak yuqori darajadagi tadbirlar, shu jumladan tashqi ishlar vazirlari raisligidagi Muvofiqlashtiruvchi kengashning birinchi uchrashuvi, Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari va biznes forumi natijador bo‘lishiga muhim e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston va Qatar yetakchilari oliy darajadagi tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2024 yilning 17 dekabr kuni ham Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefonda gaplashgandi. O‘shanda Shavkat Mirziyoyev Qatar Amirini milliy bayram – Davlatga asos solingan kun bilan qutlab, unga sihat-salomatlik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, Qatar xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagan. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston O'zbekiston-Qatar Qatar Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing