Mirziyoyev Farg‘onada uzumzorlarni aylandi (foto+video)

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti, hududlar iqtisodiyoti bilan tanishish maqsadida bugun, 27 iyul kuni Farg‘ona viloyatiga bordi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, Prezident viloyatning Oltiariq tumanidagi 2020 yilda “Xayrullo Bahrom Boymatov” fermer xo‘jaligi tomonidan 75 gektarda tashkil etilgan uzumchilik plantatsiyasini borib ko‘rgan. 

Bu uzumzorda “xusayni”, “kelinbarmoq”, “rizamat”, “mersedes” kabi uzum navlari yetishtirib kelinadi. Ular kelgusi yildan to‘liq hosilga kirishi va jami 3 ming tonna uzum yetishtirilishi ta’kidlangan.

Oldinlari bu maydonda paxta ekilib, o‘rtacha 25 sentnerdan hosil olingan. Endi uzumning narxi bilan solishtirganda, bir gektardan daromad qariyb 10 barobar oshgan.

Yana bir muhim tomoni, fermer xo‘jaligida mavsumiy yumushlar bilan birga 700 kishining bandligi ta’minlangan. Ular kuniga 200 ming so‘mgacha ish haqi olmoqda.

Prezident yoshlarga va ishsiz fuqarolarga uzum parvarishini o‘rgatib, ular bilan kooperatsiya asosida uzum yetishtirish, bunga chet ellardagi mamlakat fuqarolarini ham jalb etish zarurligini ta’kidlagan.

Bog‘da, shuningdek, olma, gilos va o‘rik ko‘chatlari, qator oralariga tarvuz, qovun, pomidor, qalampir, bulg‘or qalampiri va boshqa sabzavotlar ekilgan. 

Bog‘ yonida 2 ming tonna sig‘imga ega bo‘lgan sovutkichli ombor qurilgan. Bu yerda mahsulotlar saqlanib, saralanib, Turkiya va MDH mamlakatlariga eksport qilinadi.

Davlat rahbari mamlakatda iqlimi uzumchilikka mos tumanlar ko‘pligini ta’kidlab, ularda ham Oltiariq tajribasini joriy qilish, tokzorlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Xastimom mahallasida aholi xonadonlarida mehmon bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Shavkat Mirziyoev Farg'ona uzumzor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing