Mirziyoyev Budapeshtda Vengriya parlamenti spikeri bilan uchrashdi
Olam
−
20 may 2776 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 20 may kuni Vengriyaning Budapesht shahrida ushbu mamlakat Milliy Majlisi spikeri Laslo Kyover bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Vengriya strategik sheriklik munosabatlarini, shu jumladan parlamentlararo yo‘nalishni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki mamlakat parlamentlari delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari va uchrashuvlari faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yilning aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida Milliy Majlis spikerining o‘rinbosari Yanosh Latorsai ishtirok etdi.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, yil yakuniga qadar Vengriya parlamenti spikeri o‘rinbosari va Iqtisodiyot qo‘mitasi rahbarining O‘zbekistonga, O‘zbekiston parlament delegatsiyasining Budapesht shahriga tashrifi amalga oshiriladi.
Imzolangan bitimlarni amalga oshirishga ko‘maklashish, do‘stlik guruhlari ishini faollashtirish, eng avvalo, hududlarni rivojlantirish, ijtimoiy himoya, soliq va raqamlashtirish sohalarida qonun ijodkorligi bo‘yicha tajriba almashish uchun tegishli qo‘mitalar o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan kecha, 19 may kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketgandi. Davlat rahbarining rasmiy tashrifi bugun, 20 may kuni Vengriyaning yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashishdan boshlandi va unda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va ilg‘or texnologiyalar transferini rag‘batlantirish maqsadida Toshkent viloyatida Yevropa kompaniyalari uchun tashkil etilayotgan maxsus sanoat zonasi va ushbu hududni boshqarish Vengriyaning Inpark operatoriga berilishi ma’lum qilindi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr