Mirziyoyev BMT Kontrterror boshqarmasi rahbari bilan uchrashuv o‘tkazdi
Jamiyat
−
15 may
2650Shavkat Mirziyoyev qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatda bo‘lib turgan BMT Bosh kotibining o‘rinbosari – Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkovni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida Vladimir Voronkov davlat rahbariga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va tilaklarini yetkazgan. O‘zbekistonning BMT institutlari va tuzilmalari bilan, eng avvalo, terrorizm va boshqa transmilliy xatar va tahdidlarga qarshi kurash sohasidagi amaliy hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlagani uchun mamlakat rahbariga minnatdorlik bildirib, Vladimir Voronkov Mintaqaviy ekspertlar kengashini tashkil etish tashabbusi amalga oshirilgani uchun O‘zbekiston tomoniga alohida minnatdorlik bildirgan. Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ushbu noyob mexanizmning birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli yakunlangani ta’kidlangan.
BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, shuningdek, O‘zbekistonning mojarolar hududlaridan fuqarolarni qaytarish, ularni reabilitatsiya qilish va jamiyatga qayta integratsiya qilish, jumladan, bunda mahalla institutining keng imkoniyatlari va salohiyatidan foydalanish bo‘yicha sa’y-harakatlarini yuqori baholagan.
O‘zbekiston va BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini nazarda tutuvchi 2024–2025 yillarga mo‘ljallangan yangilangan "yo‘l xaritasi" imzolangani qayd etildi. Yoshlarni ekstremizm va terrorizm g‘oyalarining buzg‘unchi ta’siridan himoya qilish, kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni kengaytirish va BMT institutlarida yosh mutaxassislar uchun stajirovkalar tashkil etishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish masalalariga e’tibor qaratilgan.
Afg‘oniston masalasi yuzasidan fikr almashildi. Bu mamlakatdagi vaziyatga xalqaro e’tiborni kuchaytirish, afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish muhimligi ta’kidlangan.