Mirziyoyev Bishkekka yetib bordi
Jamiyat
−
05 noyabr
4517Bugun, 5 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Qirg‘izistonga yetib bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
"Manas" xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi Aqilbek Japarov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Tashrif doirasida ertaga, 6 noyabr kuni davlat rahbari Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etadi.
Sammitda tashkilotga a’zo besh davlat – Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlari, shuningdek, tashkilotning kuzatuvchi-mamlakatlari rahbarlari ishtirok etadi. Bo‘lajak sammitning mavzusi “Turk dunyosini mustahkamlash: iqtisodiy integratsiya, barqaror rivojlanish, raqamli kelajak va barcha uchun xavfsizlik”.
Ma’lumot uchun, Turkiy Davlatlar Tashkilotining 10-yubiley sammiti o‘tgan yili 3 noyabrda Qozog‘iston poytaxti Ostonada bo‘lib o‘tgan. Unda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va kuzatuvchi mamlakatlar – Vengriyadan Bosh vazir Viktor Orban, Turkmanistondan Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etgan. Joriy yil 6 iyulda esa Ozarbayjonning Shusha shahrida Turkiy Davlatlar Tashkilotining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Oliy darajadagi norasmiy uchrashuvda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, TDT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, shuningdek, Turkiyadan o‘zga hech bir mamlakat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi rahbari (tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega) Ersin Tatar, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban qatnashdi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr