Mirziyoyev Berdimuhamedov bilan birga eman ekdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov Samarqand shahridagi Kongress markazining Faxriy mehmonlar xiyobonida birgalikda eman daraxtini ekdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Marosim ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik mustahkam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari, O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish borasidagi qat’iy intilishning ramzi bo‘ldi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Gurbanguli Berdimuhamedov kecha, 23 aprel kuni tashrif bilan Samarqandga keldi. Tantanali ravishda ikki mamlakat bayroqlari bilan bezatilgan Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Samarqand shahridagi tadbirlar doirasida Mirziyoyev va Berdimuhamedov birgalikda Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat ko‘rsatdi. Shundan so‘ng, yetakchilar birgalikda “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘i hududida tashkil etilgan madaniy tadbirlarda ishtirok etdi. Bugun, 24 aprel kuni Samarqand shahrida Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedovning muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng, Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zbekiston Respublikasining yuksak davlat mukofoti – "Oliy Darajali Do‘stlik" ordenini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev mukofotni topshirar ekan, Gurbanguli Berdimuhamedovning qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdagi ulkan xizmatlarini alohida qayd etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing