Mirziyoyev “Arqadag‘”ni Yangi yil bilan tabrikladi
Jamiyat
−
30 dekabr 2024
1677Bugun, 30 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bir-birini va qardosh xalqlarni kirib kelayotgan 2025 yil bilan samimiy qutlab, sihat-salomatlik, baxt-saodat, farovonlik, tinchlik va ravnaq tiladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbatda O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
O‘zaro tovar ayirboshlashning jadal sur’atlar bilan o‘sib, energetika, transport, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya kengayib borayotgani, idoralararo va hududlararo aloqalar, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashgani qayd etildi.
Davlat rahbari bu yil shoir va mutafakkir Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligi munosabati bilan yuksak saviyada o‘tkazilgan xalqaro tadbirlarga alohida to‘xtaldi. O‘zbek va turkman kinoijodkorlari tomonidan badiiy film suratga olingani, bir qator qo‘shma tadbirlar o‘tkazilgani ta’kidlandi.
Suhbat chog‘ida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish nuqtai nazaridan mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari bo‘lajak tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va boshqa qator davlat yetakchilarini Yangi yil bilan tabriklagandi.
LiveBarchasi