Mirziyoyev Dushanbeda “Qo‘shtepa” kanali masalasini ko‘tardi
Jamiyat
−
15 Sentabr 2023
9904O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muzokaralarga Afg‘onistonni ham jalb etishni taklif qildi. Bu haqda u bugun, 15 sentyabr kuni Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) ta’sischilari – Davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishida aytib o‘tdi.
“Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari, men ham Qo‘shtepa kanali bo‘yicha o‘z qarashlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman. Mohiyat-e’tiboriga ko‘ra, mintaqamizda suvdan foydalanish jarayonida bizning mamlakatlarimiz bilan hech qanday majburiyat asosida bog‘lanmagan yangi ishtirokchi paydo bo‘ldi. Shu munosabat bilan biz Afg‘oniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilamiz”, degan O‘zbekiston Prezidenti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Afg‘onistonda kanal qurilishi faol davom etmoqda va uning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suv rejimi va muvozanatini tubdan o‘zgartirishi mumkin.
“Qo‘shtepa kanali qurilishining barcha jihatlarini xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda o‘rganish bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruh tuzish zarur”, deya qo‘shimcha qilgan Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, bugun, 15 sentyabr kuni Tojikiston tomoni raisligida o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining birinchi o‘rinbosari Adilbek Qasimaliyev va BMT Bosh kotibining maxsus vakili – Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomati bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Kaxa Imnadze ham qatnashdi.
Tadbir yakunida jamg‘arma ta’sischi davlatlari quyidagi hujjatlarni imzolagan:
- Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlarining Dushanbe bayonoti;
- Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining Tojikiston Respublikasining OQXJdagi raisligi yakunlari to‘g‘risida qarori;
- Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 2024-2026 yillarga OQXJ prezidenti etib saylangani to‘g‘risidagi qarori;
- Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining OQXJ tashkiliy tuzilmasi va shartnoma-huquqiy bazasini takomillashtirish bo‘yicha faoliyat to‘g‘risidagi qarori.
2024-2026 yillarda OQXJga raislik Qozog‘iston Respublikasiga o‘tgan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr