Mirziyoyev ham Rossiyaga jo‘nab ketdi
Jamiyat
−
25 dekabr 2023
11723Bugun, 25 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburg shahriga jo‘nab ketdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun Rossiyaga yo‘l olgan.
Ta’kidlanishicha, bo‘lajak tadbir doirasida Hamdo‘stlik mamlakatlari yetakchilari yilning asosiy yakunlarini sarhisob qiladi hamda MDH makonida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqadi.
Ma’lumot uchun, 25 va 26 dekabr kunlari MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv ko‘p yillardan buyon dekabr oyi oxirida Sankt-Peterburgda to‘planib kelayotgan davlat rahbarlari o‘rtasidagi muloqotning an’anaviy formatidir. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bunday sammitlarni “do‘stona davradagi” suhbatlar sifatida tavsiflaydi, unda mintaqaviy va xalqaro masalalar muhokama qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 dekabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Sankt-Peterburgga yetib borgandi. Bugun, 25 dekabrda esa Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ham YeOII va MDH sammitlarida qatnashish uchun Sankt-Peterburgga jo‘nab ketgandi.