Mirobodda kesilgan daraxtlar rostan ham quriganmidi?
Jamiyat
−
09 Sentabr 2021
5538Kecha, 8 sentyabr kuni QALAMPIR.UZ’ga Mirobod tumanining Chimkent ko‘chasida ko‘p yillik sog‘lom daraxtlar kesib tashlanayotgani haqida murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaat asosida QALAMPIR.UZ jamoasi voqea joyiga yetib bordi va haqiqatan ham daraxtlar kesilayotganiga guvoh bo‘ldi.
Kesilgan daraxtlar yonida tasvirga olish ishlarini boshlashimiz bilan voqea joyiga Toshkent shahar Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektori Mirsobit G‘ulomov va Ekologik partiyaning Toshkent shahar kengashi raisi Sevara Fayziyeva yetib keldi.
Ulardan daraxtlar nima sabab kesilayotgani haqida so‘radik. Holbuki, Prezident topshirig‘iga ko‘ra, daraxtlarni kesish bo‘yicha moratoriy 2024 yilga qadar uzaytirilgandi va javobgarlik keskin kuchaytirilgandi.
G‘ulomov so‘zimizni tasdiqlar ekan, mazkur moratoriyda istisno holatlar ham borligi, qachonki daraxt qurib, fuqarolar uchun ijtimoiy xavf tug‘dirsa, ularni kesish uchun ruxsat berilishini aytdi. U Chimkent ko‘chasidagi daraxtni kesish bo‘yicha hech qanday noqonuniy holat mavjud emasligini ta’kidlarkan, qo‘lida yetarlicha asoslari borligini ham ma’lum qildi.
U taqdim etgan hujjatda joriy yilning 8 iyul kuni Mirobod tumani Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tuman hokimligiga 33571109-sonli murojaat xati kiritilgani va mazkur murojaat yuzasidan hokimlik javob xati yo‘llagani, unda esa Toshkent shahar Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining 1679-sonli xulosasiga asosan 9 dona safaro, 3 dona shumtol, 3 dona zarang, 1 dona o‘rik, 24 dona chinor, 6 dona qayrag‘och va 5 dona terak, umumiy hisobda 51 dona daraxtning kesilishiga tuman hokimligining e’tirozi yo‘qligi ma’lum qilingan. Mazkur hujjatni esa Mirobod tuman hokimining o‘rinbosari Sanjarxon Saidov imzolagan.
Toshkent shahar Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish yuzasidan 1679-sonli xulosasida kesilishi belgilangan daraxtlarning holati tabiiy omillar ta’sirida kuchli zararlangani, kasallangani, qurigani, shuningdek insonlar hayoti va sog‘lig‘iga hamda mol-mulkiga tahdid solayotgani aytilgan. Ushbu rasmiy xulosa maktubiga esa boshqarmaning Bioxilmaxillik masalalari bo‘limi boshlig‘i O.Qosimov, boshqarma boshlig‘i O.Maqsudov imzo chekkan.
Inspektor G‘ulomov daraxtlar aynan shu hujjatlar asosida kesilayotganini aytarkan, ularda hayot nishonasi qolmaganini ham qo‘shimcha qildi.
“Bu daraxtlar kesilishidan oldin uning holati o‘rganilgan va xulosa berilgan. Hali sog‘lom va yashab turgan daraxtlarimizni esa hech kimga kesish uchun berib qo‘ymaymiz va bunga yo‘l ham qo‘ymaymiz.
Hozir mazkur kesilgan daraxt rostan ham quriganmidi, degan savol berishyapti. Bu daraxt qurigan yoki qurimaganligini oldinroq tushirilgan foto va videolardan ham bilib olish qiyin emas. Daraxtning yuqori qismi bo‘lmagan va zararlanib, qurish holatiga kelib qolgan. Shuning uchun ham ularni kesish uchun ruxsat berilgan. Daraxtlarni o‘zimiz ko‘zdan kechirib chiqqanmiz va hech qanday ko‘karib ketish ehtimolini ko‘rmaganmiz”, deydi Mirsobit G‘ulomov.
Mutaxassis bilan kechayotgan suhbat jarayonini bevosita chetdan kuzatib turgan fuqaro yuqorida aytilgan gaplar yolg‘on ekanini, ushbu kesilgan daraxtda hali ham hayot nishonasi mavjudligini aytib, muloqotga qo‘shildi.
Bu orada esa G‘ulomov bizga voqea joyidan ketmasligimizni, tez orada bir qator mutaxassislar kelishini, daraxt haqiqatan ham nosog‘lommidi, qabilidagi savollarimizga ulardan ham javob olishimiz mumkinligini aytdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Ekologik partiyaning Toshkent shahar kengashi raisi Sevara Fayziyeva yetib keldi va holat yuzasidan o‘z fikrini bildirdi.
“Ma’lum bo‘lishicha, bu 50-60 yillik chinor daraxti bo‘lgan. Daraxt qurib qolgani va insonlar uchun xavf tug‘dirishi mumkinligi uchun ham uni kesish bo‘yicha Ekologiya qo‘mitasidan ruxsat olingan.
Hozir bu yerga kelib fuqarolarni eshitganimizda, ularning ayrimlari bu daraxtning qurimagani, hayot uchun hech qanday xavf tug‘dirmagani aytsa, boshqalari esa daraxt qurib qolganini ta’kidlamoqda. Men mutaxassis va partiya vakili sifatida holatni o‘rganib chiqyapman. Ayni damda bu yerga daraxtlar bo‘yicha mutaxassis – dendrologni taklif qilganmiz. U ham daraxtning holatini o‘rganib chiqadi va rostan ham qurigan yoki qurimagani bo‘yicha yakuniy xulosalar beradi”, deydi Sevara Fayziyeva.
U so‘zida davom etarkan, aynan shu ko‘chadagi fuqarolarning mashinasi ustiga shu kabi qurigan daraxtlarning singan shoxlari kuchli shamol natijasida bir necha marta tushib ketganini ta’kidladi.
Akademik F.N. Rusanov nomidagi Toshkent botanika bog‘i direktor o‘rinbosari, dendrolog Sobit Nosirov mazkur kesilgan daraxt bo‘yicha o‘zining yakuniy xulosasi quyidagicha:
"Daraxtning 70-80 foizi qurigan va ancha engashib qolgan holatda bo‘lgan. Tanasida hech qanday barglari bo‘lmagan. Ko‘rinib turibdiki, tanasida yoriqlar ham bo va allaqachon suv qochib bo‘lgan. To‘g‘ri, o‘zak qismida ozroq namlik qolgan, lekin bu hech narsani anglatmaydi. Aslida, chinor ancha yil yashaydi, biroq bu daraxt tabiiy omillar ta’sirida qurigan.
Tana qismida har xil hasharotlar in qurgani ko‘rinib turibdi. Bu esa daraxtning yemirilishiga olib kelgan. To‘nka qismini urib ko‘rganimizda, undan to‘qqillagan ovoz chiqyapti. Sog‘lom va hali qurimagan daraxt to‘nkasidan bunday ovoz chiqmaydi. Daraxtda ichidan chirish holati ham bor. Agar, ushbu daraxt kesilmaganda, kimningdir ustiga qulab tushish ehtimoli yuqori edi".
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning birinchi choragida daraxt va butalarni noqonuniy tarzda kesish bilan bog‘liq 2 ming 597 ta huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lib, bu huquqbuzarliklar oqibatida tabiatga 6,7 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Bugungi kunda esa mazkur raqamlar o‘ssa o‘syaptiki, ammo kamaygani yo‘q.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr