Prezident Osiyo chempioni bo‘lgan futbolchilarni tabrikladi
Sport
−
21 aprel 25448 3 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan Osiyo chempionati g‘olib bo‘lgan terma jamoa a’zolarini tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“O‘n yetti yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida Saudiya Arabistoni maydonlarida bo‘lib o‘tgan nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuksak sovrin – Osiyo kubogini qo‘lga kiritganingiz bilan xalqimiz nomidan, o‘z nomimdan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Sizlar kabi navqiron, azmu shijoatli yoshlarimizning butun turnir davomida bironta ham mag‘lubiyatga uchramasdan, rekord natija ko‘rsatib, jonajon Vatanimiz sharafini mardona himoya qilganlari, hech shubhasiz, milliy futbolimiz tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan shonli voqea, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Ayniqsa, finalda musobaqa mezboni – Saudiya Arabistoni kabi g‘oyat kuchli jamoaga qarshi keskin bellashuvda turli bosimlarga qaramasdan, o‘n bir o‘yinchiga qarshi to‘qqiz futbolchi shiddatli kurash olib borganingiz chinakam jasorat va matonat namunasi bo‘ldi. Sizlar namoyon etgan yuksak mardlik va mahorat har qanday tahsinga sazovordir.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, uch nafar iste’dodli va mohir sportchimiz yakka tartibdagi sovrinlar egasi bo‘lgani, jumladan, Ne’matulloh Rustamjonov – turnirning eng yaxshi darvozaboni, Asilbek Aliyev – eng yaxshi to‘purari, Sadriddin Hasanov – eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilganini ham alohida ta’kidlash lozim.
El-yurtimiz sizlarning timsolingizda doimo oldinga intilib yashaydigan, yuksak marralarni zabt etishga qodir Yangi O‘zbekiston yoshlarining eng yorqin vakillarini ko‘radi va sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi.
Mamlakatimizda sportga, jumladan, futbol rivojiga berilayotgan yuksak e’tiborning yana bir amaliy natijasi bo‘lgan mana shunday tarixiy g‘alaba uchun sizlarga, sizlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalaringiz va ustoz-murabbiylaringizga chin dildan samimiy minnatdorlik bildiraman.
Sizlar ushbu g‘alabadan ruhlanib, shu yil noyabr oyida Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ham Osiyoning g‘olib jamoasi sifatida munosib ishtirok etasiz, deb ishonaman”, deyiladi prezident tabrigida.
Kecha, 20 aprel kuni Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo kubogi finali bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi mezbon saudiyalik tengqurlarini 2:0 hisobida mag‘lub etdi.
Uchrashuvning birinchi taymi, 40-daqiqasida Sarsenbayev va 45-daqiqada Abdukarimovga qizil kartochka ko‘rsatildi. 2 kishi kam bo‘lib qolgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. 50-daqiqada Muhammad Hakimov O‘zbekistonni oldinga olib chiqdi. 70-daqiqada Sadriddin Hasanov oradagi farqni ikkitaga oshirdi. O‘yin yakuniga qadar o‘zbekistonliklar darvozaboni Rustamjonov bir qancha seyv amalga oshirib, jamoasini gollardan qutqardi.
Shu tariqa, Islom Ismoilov qo‘l ostidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Osiyo kubogi chempioniga aylandi.
Ma’lumot o‘rnida, 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi ikkinchi marta g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Live
Barchasi