Radarlarni olib tashlashni so‘ragan hokimdan jarimalarni to‘lab qo‘yish so‘raldi

3-sahifa

image

Avvalroq, Namangan shahar hokimi Anvar Otaxo‘jayev viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Mansur Gaziyevdan hududlarda noqonuniy o‘rnatilgan radarlarni olib tashlashni so‘rab xat yo‘llagandi. Ushbu xatga Mansur Gaziyev javob qaytardi va javob xati ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. 

Javob xatida aytilishicha, radarlar o‘rnatilishi natijasida og‘ir oqibatlar kamayib bormoqda.

“Masalan, Davlatobod hamda Yangi Namangan yo‘nalishida o‘tgan yili 13 ta o‘lim holati qayd etilgan. Joriy yilda hozircha bironta o‘lim holati qayd etilmadi”, deyiladi xatda.

Qolaversa, xatda Namangan shahar hokimligiga tegishli Captiva mashinasida 2024 yildan hozirgacha 47 marta huquqbuzarlik sodir etilgani aytilgan. Ushbu qoidabuzarliklarda 11 tasining jarimasi (8 mln so‘mdan ortiq) esa haligacha to‘lanmagan.

Qolaversa, xatda shahar hokimligining yana 4 ta transport vositalari 41 ta qoidabuzarlik bo‘yicha 18 million 750 ming so‘m, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari hokimliklari tasarrufidagi 6 ta avtomobilning 46 ta qoidabuzarligi bo‘yicha 16 million 307 ming so‘m miqdorida muddati o‘tgan to‘lanmagan jarimalari borligi ma’lum qilingan. Umumiy hisobda hokimliklarning to‘lanmagan 87 ta jarimalari mavjud bo‘lgan.

Shularni inobatga olgan holda, viloyat YHXB boshlig‘i shahar hokimidan  “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonunining 8-moddasi (mahalliy davlat hokimiyati organlarining yo‘l harakati sohasidagi vakolatlari) doirasida tegishli chora-tadbirlar ko‘rishni va jarimalarni to‘lab qo‘yishni so‘ragan.

“Namangan shahar, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari hokimliklari tasarrufida bo‘lgan transport vositalari tomonidan sodir etilayotgan surunkali qoidabuzarliklarni tanqidiy muhokama qilishingiz hamda jazo muqarrarligini ta’minlash uchun muddati o‘tgan jarimalarni undirishda amaliy yordam ko‘rsatishingizni so‘raymiz”, deyiladi javob xatida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Andijon shahrida 52 ta radar kamerasiga pnevmatik miltiqdan o‘q otgan erkak aniqlangan edi. U ushbu qilmishi orqali umumiy hisobda 1 milliard 147 million so‘m moddiy zarar yetkazgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing