Minglab isroilliklar hukumatga qarshi namoyishga chiqdi (video)

Olam

image

Kecha, 27 aprel kuni kechqurun Isroilda ommaviy norozilik namoyishlarining yangi to‘lqini bo‘lib o‘tdi. Eng yirik miting Tel-Avivdagi hukumat binolari majmuasi yaqinida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “The Times of Israel” nashri xabar berdi.

Namoyishchilar Isroil rasmiylaridan G‘azo sektorida garovga olinganlarni zudlik bilan ozod qilish uchun HAMAS tomonidan ilgari surilgan kelishuv shartlariga rozi bo‘lishini talab qildi. Bundan tashqari, namoyishchilar Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi amaldagi hukumatni hozirgi vaziyat uchun javobgar deb hisoblab, mamlakatda muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishga chaqirdi.

Isroil politsiyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, huquq-tartibot idoralari xodimlari Tel-Avivdagi hukumatga qarshi yirik namoyishdan so‘ng jamoat tartibini buzgani uchun yetti kishini hibsga olgan. Namoyishchilarning aksariyati tinch yo‘l bilan tarqalib ketgan. 

“Biroq namoyish o‘tkaziladigan joyga tutash ko‘chalardan birida kichik bir guruh namoyishchilar to‘planib, transport vositalarining harakatiga xalaqit berishga uringan. Namoyishchilar pirotexnika vositalarini yoqib yuborgan va politsiya buyrug‘iga bo‘ysunmagan”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Xuddi shunday norozilik namoyishlari mamlakatning boshqa shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi. Xususan, Netanyaxuning qirg‘oq bo‘yidagi Kesariya shahridagi qarorgohi oldiga yuzlab odamlar yig‘ilgan. Hayfada ham katta namoyish bo‘lib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

namoyish Isroil Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing