“Milliy tiklanish” partiyasi diniy ta’limni kengaytirishga qarshi chiqdi – Kusherboyev
Jamiyat
−
06 may 2021
18907Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDep fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherboyev “Milliy tiklanish” partiyasining chiqishlarini fitna qo‘zg‘ashga o‘xshash harakatlariga qiyoslab, partiya vakillarining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish jarayonida diniy ta’lim muassasasida ta’limni kengaytirish masalasiga qarshi chiqqanini ma’lum qildi.
“So‘nggi vaqtlar “Milliy tiklanish” partiyasi millat taqdiri, tarbiya, bilim degan gaplarni bot-bot takrorlamoqda. Agar rostdan ham shunday bo‘lsa, nima uchun kuni kecha minglab, kerak bo‘lsa, millionlab yurtdoshlarimiz ko‘z tikib turgan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish jarayonida aynan “Milliy tiklanish” partiyasi vakillari diniy ta’lim muassasasida ta’limni kengaytirish masalasiga qarshi chiqdi? Diniy bilim, shu jumladan, muqaddas Islom dini haqida ta’lim olish faqat diniy soha xodimlari uchun emas, aholi, shu jumladan, ota- onalar uchun ham erkin bo‘lishi zarurligini ta’kidlagan Doniyor G‘aniyev va meni nima uchun qo‘llab-quvvatlashmadi? Aksincha, ular buni terrorizm, radikalizm bilan bog‘ladi, yurtdoshlarimizga bu masalada ishonishga erta, degan qarash bilan diniy ta’limda erkinlik berilishiga qarshi chiqdi, faqat diniy idora xodimlari uchun diniy ta’lim olish mumkin, degan eskirgan qolipni yoqladi.
Ushbu pozitsiyangizdan keyin ham Sizlarni kim deb atashimiz kerak, “Milliy tiklanish”mi yoki? Men atayin maqoladagi ayrim chalkashlik va oddiy savodxonlik masalasidagi qo‘pol xatoliklarga ham ko‘z yumdim.
O‘ylaymanki, “Milliy tiklanish”ning mendan boshqa tashvishi, muammolari ham ko‘p va yaxshisi, bizni tinch qo‘yib, har xil fitna, g‘iybatlar bilan emas, partiya oldida turgan jiddiyroq ishlari bilan shug‘ullanishsin?” deb yozadi deputat.
Rasul Kusherboyev oxirgi vaqtlar “Milliy tiklanish” partiyasining chiqishlariga e’tibor qilmaslikka urinayotganini ta’kidladi.
“To‘g‘risi, oxirgi vaqtlar “Milliy tiklanish” partiyasining chiqishlariga e’tibor qilmaslikka urinyapman. Chunki ular negadir muammolarni sun’iy yaratish, odamlarni urishtirish, nizo chiqarish, oddiy aytganda, fitna qo‘zg‘ashga o‘xshash harakatlar qilayotganga o‘xshaydi. Balki adashgandirman, biroq bu so‘nggi paytlardagi shaxsiy kuzatuvlarim.
Shu bois har bir ishi, chiqishiga e’tibor qilaversam, men ham ayirmachiga aylanib qolaman. Men esa o‘zbek, qirg‘iz, tojik, rus, koreys, tatar, qozoq, uyg‘ur va boshqa do‘stlarim, qadrdonlarim bilan “Sen ariqning u tomonida ekansan”, deb urishishni istamayman”, deb yozadi Kusherboyev.
Shuningdek, deputat “Milliy tiklanish” “Janob Liberallar, sukut alomati rizomi?” sarlavhali maqolada Rasul Kusherboyev, Doniyor G‘aniyev va O‘zbekiston Liberal lemokratik partiyani tadbirkorlarga sun’iy ravishda yomon ko‘rsatishga uringanini qayd etdi.
“Biroq ushbu partiya nashrining 5 may 15-sonida jimjimador qilib ishlangan kollaj ostida bosilgan “Janob Liberallar, sukut alomati rizomi?” sarlavhali maqolada negadir yana sun’iy ravishda tadbirkorlarga men, Doniyor G‘aniyev va biz a’zo bo‘lgan partiyani yomon ko‘rsatishga urinishibdi. Bunaqa “bozorbop” chiqish uchun eng munosib javob aslida e’tibor bermaslik edi. Lekin andishaning oti ham qo‘rqoqmas, indamasak bo‘lmasligini tushundik.
“Milliy tiklanish” partiyasi gazetasi bahonasida ularga bir narsani eslatib o‘tmoqchiman: O‘zLiDeP fraksiyasidagi har bir deputat alohida individual shaxs va har birining o‘z mustaqil fikri bor. Fikrlar doim ham bir joydan chiqmasligi mumkin. Chunki liberallik, avvalo, erkinlik va yangilikka intilish degani.
Hammani birdek, bir qolipda fikrlashga o‘rgatish va ayttirish sobiq ittifoq mafkurasiga xos ish. Bu mafkura ko‘proq “Milliy tiklanish”ga yoqqan ko‘rinadi. Yoqsa, marhamat, vorislik qilavering, biroq bizni tinch qo‘ying!
Yana bir gap. Maqolada iddao qilingan mavzu, ya’ni ko‘chalardagi reklama masalasida men o‘z fikrimni aytdim: yoqadimi-yo‘qmi, bunisi qiziqmas. Yo‘llar, avvalo, haydovchi va yo‘lovchiga qulay bo‘lishini istayman, yo‘l reklama maydoni yoki bozor emas. Yo‘l, bu o‘z nomi bilan yo‘l axir. Yo‘l bo‘ylariga har qanday bo‘lar-bo‘lmas reklama vositalari qo‘yilishiga shaxsan men qarshiman. Bu gapim yoqmasa yoqmas, biroq sun’iylik qilib, yoqmagan gapni yoqdi, deb aytolmayman-ku! Xullas, reklama qilishga yo‘ldan boshqa joy topish kerak”, deb yozadi u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov va Liberal-demokratik partiya fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherboyev o‘rtasida davlat hokimiyati organlarini noqonuniy qurilishlarni buzish bo‘yicha qarorlarini sudga berishda davlat bojini to‘lash yoki to‘lamaslik to‘g‘risida tortishuv yuz bergandi.
Alisher Qodirov ushbu tortishuvni “juda ham normal holat”, deya baholagandi.
LiveBarchasi