Migrantlarni Rossiyadan quvish uchun asoslar soni 2 baravar oshiriladi
Olam
−
10 aprel 8880 2 daqiqa
Rossiyadan migrantlarni chiqarib yuborish uchun asoslar soni ikki baravar ko‘paytiriladi. Bu haqda kecha, 9 aprel kuni Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Parlament spikeri migratsiya qonunchiligini qattiqlashtirish bo‘yicha ishlar Davlat dumasi tomonidan 2024 yildan beri olib borilayotganini eslatib o‘tgan: bu vaqt ichida deputatlar ushbu mavzuda 22 ta federal qonunni qabul qilgan. Ularning aksariyati (18 tasi) xalq vakillarining o‘zlari tomonidan ilgari surilgan.
“Mamlakatimizga noqonuniy migrantlar kirib kelishiga to‘sqinlik qilish uchun hamma chorani ko‘rishga harakat qildik”, deydi Volodin.
Hozirgi vaqtda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda chet el fuqarosini Rossiya hududidan chiqarib yuborish mumkin bo‘lgan 22 ta asos ko‘zda tutilgan. Ular orasida:
- giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi;
- pedofiliya, jinsni o‘zgartirish, g‘ayrioddiy jinsiy aloqalarni targ‘ib qilish (shu jumladan voyaga yetmaganlar o‘rtasida);
- immigratsiya qoidalarini, davlat chegarasini kesib o‘tish rejimini buzish;
- noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish;
- migratsiya hisobi qoidalarini buzish;
- Rossiyaga kirishdan ko‘zlangan maqsadning amaldagiga mos kelmasligi va boshqalar.
Ushbu sabablar tufayli 2025 yilda Rossiyadan 72 ming nafar chet el fuqarosi chiqarib yuborilgan.
Yangi qonun loyihasi chiqarib yuborish uchun sabablar ro‘yxatini 22 tadan 43 tagacha kengaytirishni nazarda tutadi. Agar u qabul qilinsa, migrantlar quyidagilar uchun ham mamlakatdan haydaladi:
- jamoat tartibini buzish;
- huquqni muhofaza qilish organlari talablariga bo‘ysunmaslik;
- hayotiy muhim ob’ektlar, transport yoki ijtimoiy infratuzilma, aloqa tizimlari, piyodalar va transport vositalari harakatiga xalaqit berish;
- internetda inson qadr-qimmatini va jamoat axloqini tahqirlovchi ma’lumotlarni tarqatish;
- Rossiya Qurolli kuchlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan ommaviy harakatlar;
- Rossiya, uning fuqarolari yoki kompaniyalariga nisbatan siyosiy yoki iqtisodiy sanksiyalar joriy etish yoki uzaytirishga chaqiriqlar.
Chiqarib yuborish jarimalar tayinlanishi bilan birga kechishi mumkin, ularning miqdorini ham oshirish rejalashtirilgan.
“Forbes” nashrining qayd etishicha, qonun loyihasi hukumat komissiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va Adliya vazirligi, Mudofaa vazirligi kabi aksariyat idoralar bilan kelishilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada vaqtincha ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni qariyb 1,3 millionni tashkil etayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi