Migrantlar uchun eng jozibador davlatlar qaysi? Migrantlar o‘zi qancha?
Bu qiziq
−
15 fevral 2022
12160Bugungi kunda dunyoda taxminan 281 million xalqaro muhojir bor. Bu dunyo aholisining 3,6 foizini tashkil qiladi. Ushbu ma’lumotlarni Birlashgan Millatlar Tashkiloti keltirmoqda.
BMTga ko‘ra, so‘nggi yillarda xalqaro migratsiya ko‘lami keskin oshgan. 2020 yilda dunyoda 1990 yilga nisbatan 128 million, 1970 yilga nisbatan esa uch barobar ko‘p muhojir bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, oxirgi o‘n yillikda migrantlar uchun eng jozibador davlatlar Amerika Qo‘shma Shtatlari va Germaniya bo‘ldi. 1970 yilda AQSHga 12 million xalqaro muhojir joylashgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 51 milliondan oshmoqda. Germaniyada esa faqat oxirgi 10 yilda xalqaro migrantlar soni 8,9 milliondan 16 milliongacha oshgan.
Shuningdek, Fransiya, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni ham muhojirlar uchun jozibador davlatlardir. BAAda aholining 88 foizini xalqaro mehnat muhojirlari tashkil qiladi.
Umuman olganda, dunyo aholisining 60 foizdan ortig‘i ish va yaxshi hayot izlab Yevropa va Osiyoga boradi. Yevropada 87 million xorijlik ishchilar yashaydi, Osiyoda esa 86 million. Keyingi o‘rinlarda Shimoliy Amerika bo‘lib, u yerda 59 million xalqaro muhojir ishlaydi, bu butun jahon migratsiya oqimining 21 foizini tashkil qiladi. Muhojirlarning 9 foizi Afrikada, 3 foizi Okeaniyada.
Agar hisob-kitob qilinadigan bo‘lsa, xalqaro muhojirlarning 40 foizi Osiyoning 6 ta davlatidandir. Bular Hindiston, Xitoy, Bangladesh, Pokiston, Filippin va Afg‘oniston. Xalqaro muhojirlar orasida immigrantlar soni bo‘yicha Hindiston birinchi, Meksika ikkinchi, uchinchi o‘rinni esa Rossiya egallaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 70 million majburiy ko‘chirilganlar bor. Undan 26 millioni qochqinlar, 3,5 millioni boshpana izlovchilar va 41 milliondan ortig‘i ichki ko‘chirilganlar.
Migrantlarning 48 foizi ayollardir. Migrantlarning 38 millionga yaqini bolalar, 4,4 million nafari talabalar va 164 million nafari mehnat muhojirlari hisoblanadi. Ularning 75 foizi mehnatga layoqatli yoshdagi (20-64 yosh) odamlardir. Va migrantlarning deyarli 31 foizi Osiyoda, 30 foizi Yevropada, 26 foizi Amerikada, 10 foizi Afrikada va 3 foizi Okeaniyada yashaydi.
Ma’lumot uchun, 2019 yilda boshqa davlatlarda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik migrantlar soni 2 million 600 nafarni tashkil qilgan. Biroq, norasmiy ma’lumotlarda ularning soni bundan ko‘p bo‘lishi mumkin.
Aytish joizki, o‘zbek muhojirlarining katta qismi Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya davlatlarida mehnat qiladi.
LiveBarchasi