Metan “zapravka”lardagi cheklovlar bosqichma-bosqich olib tashlanadi
Jamiyat
−
05 mart 11301 1 daqiqa
Ertaga, 6 mart kuni soat 09:00 dan e’tiboran metan “zapravka”lar faoliyati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mart oyining dastlabki kunlarida O‘zbekistonda havo harorati keskin tushib, tabiiy gaz iste’molining ortishi va gaz quvurlarida bosimning pasayishiga sabab bo‘lgan. Mazkur holatda birinchi navbatda aholi hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlashga ustuvorlik qaratilgan va avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan.
“O‘tgan kunlar mobaynida olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida quvurlarda gaz bosimi normallashtirildi. Bu esa metan zapravkalar ish faoliyatini tiklash imkonini yaratdi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, vazirlik keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘rashini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi gaz quyish shoxobchasida havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgandi.
Live
Barchasi