Meta kompaniyasi 11 000 dan ortiq xodimlarini ishdan bo‘shatadi
Texnologiya
−
09 noyabr 2022
6455Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlariga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi 11 ming xodimni ishdan bo‘shatadi. Bu haqda bugun, 9 noyabr kuni kompaniya rahbari Mark Sukerberg ma’lum qildi.
“Men jamoamiz sonini taxminan 13 foizga qisqartirishga va 11 000 dan ortiq iqtidorli xodimlarimizni ishdan bo‘shatishga qaror qildim. Shuningdek, biz xarajatlarni qisqartirish va ishga qabul qilish muddatini birinchi chorakkacha uzaytirish orqali yanada tejamkor va samaraliroq kompaniya bo‘lish uchun bir qator qo‘shimcha qadamlarni qo‘ymoqdamiz”, deydi Sukerberg xodimlarga yo‘llagan ochiq xatida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qisqartirishlar koronavirus pandemiyasidan keyin internet-bozor istiqbollarini noto‘g‘ri baholash bilan bog‘liq.
"Dastlab COVID tarqalganida dunyo tezda onlayn rejimga o‘tdi va elektron tijoratning o‘sishi daromadning haddan tashqari o‘sishiga olib keldi. Ko‘pchilik bu pandemiya tugaganidan keyin ham davom etadigan doimiy tezlashuv bo‘lishini bashorat qilgan. Men ham shunday qildim, shuning uchun men investitsiyalarimizni sezilarli darajada oshirishga qaror qildim. Afsuski, ishlar men kutgandek bo‘lmadi”, deb tushuntirgan Sukerberg .
Shuningdek, kompaniya rahbari onlayn savdo avvalgi tendensiyalarga qaytgani va makroiqtisodiy tanazzul, raqobat kuchayishi va reklama bozorining pasayishi kompaniya daromadining kamayishiga olib kelganini aytib o‘tgan.
Sukerberg barcha ishdan bo‘shatilgan xodimlar 16 hafta davomida maosh olishlarini, ularga olti oy ichida tibbiy sug‘urta uchun to‘lanishini, shuningdek, qisqartirilgandan keyingi dastlabki uch oyda ishga joylashishda yordam berishlarini va’da qilgan.