“SI monopoliyasi – insoniyat uchun tahdid”. Sukerberg manifest e’lon qildi

Texnologiya

image

Mark Sukerbergning hisoblashicha, sun’iy intellekt monopoliyasi butun insoniyat uchun tahdid. U ushbu texnologiyaning kichik bir kompaniyalar guruhi qo‘lida to‘planib qolishi oqibatida ko‘pchilik odamlar manfaatlariga xavf tug‘ilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun sun’iy intellektni markazlashtirishdan voz kechishga chaqirdi. Milliarder bu haqda o‘zining joriy yilning 10 avgust kuni e’lon qilingan “Kelajak hammaga tegishli” nomli manifestida ma’lum qildi.

Uning fikricha, asosiy xavf bir tashkilot yoki mamlakat ushbu texnologiya ustidan haddan tashqari katta nazoratga ega bo‘lishida.

“Eng katta xavf shundaki, bitta hukumat yoki tashkilot texnologiya ustidan juda katta hokimiyatga ega bo‘ladi”, deyiladi manifestda.

Hujjatda SI har bir insonning huquq va imkoniyatlarini kengaytiruvchi vosita sifatida taqdim etilgan.

“Superintellektni markazlashtirish o‘rniga, biz uni keng tarqatishimiz va har bir insonga uni boshqarish imkoniyatini berishimiz kerak. Bu odamlar ushbu qudratli yangi texnologiyadan o‘z salohiyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun foydalana oladigan shaxsiy qudratning yangi davrini boshlab berishi mumkin”, deb yozdi Mark Sukerberg.

Meta asoschisi boshqa kompaniyalarda sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha muhokamalar “apokaliptik kayfiyatlarga to‘la” ekanidan hayratda ekanini bildirdi. U sun’iy intellekt shunchalik xavfliki, yagona xavfsiz yo‘l – ustidan mutlaq hokimiyatni jamlash, degan ishonchni ichki ziddiyatli va xatarli deb atagan.

“Tarixan, mutlaq hokimiyat agar yetarlicha ma’rifatli bo‘lsa, insoniyat haqida xayrixohlik bilan g‘amxo‘rlik qiladi, degan umid xavfsiz yoki ijobiy natijalarga olib kelmagan”, deya ta’kidlagan manifest muallifi.

U, shuningdek, OpenAI va Anthropic kabi raqobatchilarning yondashuvini tanqid qilgan, chunki uning fikricha, ular SIni jismoniy shaxslar uchun emas, balki korporatsiyalar va hukumatlar uchun yaratmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar ushbu laboratoriyalar yetakchilik qilsa, kuchlar muvozanati yirik institutlar foydasiga og‘adi.

Manifestda hokimiyat organlari uchun tavsiyalar, jumladan, Amerika kompaniyalari Xitoy bilan raqobatlasha olishi uchun energetika infratuzilmasini jadallashtirilgan holda rivojlantirish va o‘qitish ma’lumotlariga qo‘yilgan cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish kabilar o‘rin olgan.

Manifestning e’lon qilinishi kompaniyaning shaxsiy kompyuterlarda ishlash uchun mo‘ljallanganini ta’kidlayotgan yangi ochiq Muse Glimmer modeli anonsiga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, Mark Sukerberg yanada qudratliroq bo‘lgan Muse Spark 1.2 modelidan foydalanish imkoniyatini berish rejalari haqida xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq terroristik tashkilotlar sun’iy intellektdan nafaqat targ‘ibot, balki hujumlarni rejalashtirish va tayyorlashda ham tobora faolroq foydalanayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing