Jarima 1,4 trln dollar: 29 shtat Meta’ni sudga berdi
Texnologiya
−
18:30 220 3 daqiqa
AQSHning 29 ta shtati Meta Platforms kompaniyasini Facebook va Instagram platformalari bolalar hamda o‘smirlarda qaramlik keltirib chiqaradigan va ularning ruhiy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan tarzda ishlab chiqilganida ayblab, sudga da’vo arizasi kiritdi. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan jarimaning umumiy summasi 1,4 trillion dollargacha yetishi mumkin. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 18 avgust kuni Kaliforniya federal sudida ushbu ish bo‘yicha sud jarayoni boshlangan. 29 ta shtatdan iborat ikki partiyaviy koalitsiyaga boshchilik qilayotgan Kolorado, Kaliforniya, Nyu-Jersi va Kentukki advokatlari Oklendda sakkiz nafar sudyalar hay’ati oldida kirish so‘zlari bilan chiqish qiladi. Sudyalar hay’ati maslahatchilik funksiyasini bajaradi, yakuniy qarorni esa federal sudya Ivonna Gonsales Rojers chiqaradi.
To‘rtta shtat Meta’ni Facebook va Instagram’ni bolalar hamda o‘smirlarda qaramlik keltirib chiqaradigan qilib ishlab chiqqanlikda va platformalarning xavfsizligi bo‘yicha foydalanuvchilarni chalg‘itganlikda ayblamoqda.
Shuningdek, barcha 29 ta shtat Meta’ni bolalarning shaxsiy ma’lumotlarini noqonuniy yig‘ish va ulardan foydalanishda ayblamoqda, bu esa da’vogarlarning fikricha, federal qonunchilikni buzish hisoblanadi.
Jarayon davomida Meta asoschisi va bosh ijrochi direktori Mark Sukerberg ko‘rgazmali tushuntrish berishi kutilmoqda. Shuningdek, Instagram rahbari Adam Mosseri ham chiqish qiladi.
Meta internetda bolalar xavfsizligini ta’minlash uchun sezilarli harakatlarni amalga oshirganini bildirmoqda. Kompaniya vakillari platformanng xavfsizligi bo‘yicha foydalanuvchilarni chalg‘itmaganini va shtatlar real zarar yetkazilgani haqida isbotlar taqdim etmaganini ta’kidlamoqda.
Meta ehtimoliy jarimalar miqdori 1,4 trillion dollargacha yetishi mumkinligidan ogohlantirgan. Shu bilan birga, shtatlar bosh prokurorlari hozircha talab qilinayotgan aniq summani ochiqlamagan va eshituvlarda bu summa taxminan 200 milliard dollarni tashkil etishi mumkinligini bildirgan.
Kolorado, Kentukki, Kaliforniya va Nyu-Jersi bosh prokurorlari, shuningdek, suddan Meta’ga yosh cheklovlarini joriy etish, lentani cheksiz varaqlash funksiyasidan voz kechish va butun mamlakat bo‘ylab platformalar ishiga boshqa o‘zgartirishlar kiritishni majburiy yuklashni so‘ramoqda.
Da’vo arizasi 2023 yilda Instagram va Facebook’ning yosh foydalanuvchilarga ta’siri bo‘yicha shtatlararo tekshiruvdan so‘ng topshirilgan. Ushbu tekshiruv Meta’ning sobiq xodimi Frensis Xaugenning bayonotlaridan so‘ng boshlangan. 2021 yilda AQSH Senatidagi eshituvlarda u kompaniya o‘z mahsulotlarining yosh foydalanuvchilarga yetkazadigan ehtimoliy zarari va ularni xavfsizroq qilish yo‘llari haqida bilganini, ammo foydani oshirish maqsadida tegishli o‘zgarishlarni kiritmaganini ma’lum qilgan.
Sudda shtatlar Meta’ning ichki hujjatlari va tadqiqotlarini, shuningdek, kompaniyaning sobiq xodimlari va ekspertlarning ko‘rgazmalarini taqdim etishi kutilmoqda.
“Reuters”ning yozishicha, Meta, shuningdek Snap, TikTok va YouTube qonunchilar va sudlar tomonidan ortib borayotgan bosimga duch kelmoqda. 29 shtatni qamrab olgan ushbu da’vo yosh foydalanuvchilarga yetkazilgan ehtimoliy zarar sababli ijtimoiy tarmoqlarga qarshi ochilgan minglab ishlardan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Los-Anjeles sudi Alphabet (Google egasi) va Meta texnologik gigantlariga qarshi da’vo arizasi bilan chiqqan kaliforniyalik 20 yoshli fuqaroning ishi bo‘yicha qaror qabul qilgandi. Unga ko‘ra, sudyalar hay’ati Meta da’vogarga kamida 2,1 million dollar tovon to‘lashi kerakligi haqida qaror chiqargan. Google kompaniyasiga nisbatan esa hukm kamida 900 ming dollar to‘lashni nazarda tutadi.
Live
Barchasi