Messi MLS tarixida yangi rekord o‘rnatdi
Sport
−
13 Oktabr 1466 2 daqiqa
Argentinalik futbol yulduzi Lionel Messi terma jamoa yig‘iniga chaqirilganiga qaramay “Inter Mayami” va “Atlanta Yunayted” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda maydonga tushdi. Uchrashuvda Messi dubl qayd etib, MLS tarixida yangi rekord o‘rnatdi. Bu haqda AS nashri xabar berdi.
Messi ushbu natija bilan bir mavsumda 9 ta o‘yinda kamida 2 ta gol urgan MLS tarixidagi birinchi futbolchiga aylandi. Bu o‘yinlarning beshtasi ketma-ket o‘tkazilgan bo‘lib, bu ham o‘ziga xos natijadir.
Messi Argentina terma jamoasining so‘nggi yig‘iniga chaqirilganiga qaramay “Atlanta Yunayted”ga qarshi o‘yinda maydonga tushdi. U Argentina va Venesuela o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etmagani uchun “Inter Mayami”ga qaytish imkoniga ega bo‘ldi.
Jamoa bosh murabbiyi Xaver Maskerano bu borada shunday dedi:
“O‘yindan oldin men Skaloni bilan gaplashdim, u Messidan foydalanmasligini aytdi. Shundan so‘ng Leo bilan gaplashdim, u o‘ynashga tayyorligini bildirdi. U mashg‘ulot o‘tkazmagan bo‘lsa ham, o‘z mahoratini yana bir bor ko‘rsatdi va g‘alabaga hissa qo‘shdi”, deydi Maskerano.
Ma’lumot uchun, Messi joriy mavsumda MLS doirasidagi 27 uchrashuvda 26 ta gol urdi va 18 ta golli uzatma berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Messining jamoadoshlari Serxio Buskets va Jordi Alba mavsum yakunida faoliyatni yakunlashini e’lon qilgan edi.
Diyor Toshpo‘latov