“Barselona” afsonasi faoliyatini yakunlashini e’lon qildi
Sport
−
26 Sentabr 12045 2 daqiqa
Ispaniya milliy terma jamoasi bilan Yevropa va Jahon chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritgan, ayni damda AQSHning “Inter Mayami” jamoasida to‘p surayotgan Serxio Buskets MLS’ning joriy mavsum yakunida faoliyatini yakunlashini e’lon qildi. Bu haqda futbolchi o‘zining Instagram sahifasi orqali ma’lum qildi.
“Hammaga va futbolga rahmat. Siz har doim bu go‘zal hikoyaning bir qismi bo‘lasiz!”, deb yozgan Buskets o‘z postida.
“Barselona” jamoasining sobiq futbolchisi, “La Masiya” tarbiyalanuvchisi Serxio Buskets 2008 yilda Pep Gvardiola qo‘l ostida professional futbolda debyut qilgan. U “Barselona” safida 722 ta o‘yin o‘tkazgan – bu klub tarixidagi uchinchi eng yaxshi natija hisoblanadi. Buskets ispan klubi bilan 32 ta sovrin, shu jumladan, 9 ta La Liga va 3 ta Chempionlar ligasi kubogini yutgan. U Ispaniya terma jamoasi safida 143 ta o‘yin o‘tkazib, JCH-2010 va Yevro-2012 da g‘alaba qozongan.
Ispaniya matbuoti Busketsni “Barselona”ga yangi lavozimda murabbiy yoki klub elchisi sifatida qaytishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Buskets faoliyati yakunida sovrin yutishi mumkin. “Inter Mayami” MLS kubogi uchun kurashmoqda va bundan tashqari Xaver Maskerano jamoasi chempionat doirasida Sharqiy konferensiyada 5-o‘rinni egallab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, Buskets 2023 yilda “Barselona”ni erkin agent sifatida tark etib, AQSHning “Inter Mayami” jamoasiga borib qo‘shilgan edi. U bu mavsumda MLS doirasida 27 uchrashuvda maydonga tushgan.