Menga ket deguncha, o‘zing ket – Lukashenko Makronga javob qaytardi
Olam
−
27 Sentabr 2020
21228Xabaringiz bor, avvalroq, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Aleksandr Lukashenko o‘z ixtiyori bilan Belarus Prezidentligidan iste’fo berishi kerakligini aytib chiqqandi. Lukashenkoning javobi uzoq kuttirmadi.
Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Makronning lavozimini o‘z ixtiyori bilan tark etish haqidagi da’vosiga javoban Fransiyaning ichki ishlari bilan shug‘ullanishni maslahat berdi. Bu haqda Lukashenkoning matbuot kotibi Natalya Eysmont ma’lum qilmoqda.
"Men tajribali siyosatchi sifatida hali yetuk bo‘lmagan odam – janob Makronga atrofga kamroq qarashni va buning o‘rniga Fransiyaning ichki ishlari bilan shug‘ullanishni maslahat beraman”, deydi Lukashenko.
Lukashenko shuningdek, Makronga Fransiyadagi noroziliklarga javoban o‘z lavozimidan ketishni maslahat berdi.
“Mamlakat Prezidenti sifatida janob Makron o‘z mantig‘iga binoan ikki yil oldin, qachonki, “sariq nimchalilar” bosh ko‘targanda iste’foga chiqishi kerak edi. Yillar o‘tib, "nimchalilar" hali ham ko‘chalarda. Ajablanarlisi shundaki, u hali ham o‘z lavozimida va Fransiya ommaviy noroziliklar odatiy hol bo‘lgan mamlakatga aylandi”, deydi Lukashenko.