Meksika ham AQSH chegarasiga qo‘shin yuboradi
Olam
−
03 fevral
7233Meksika hukumati shimoliy chegaraga qo‘shimcha ravishda 10 ming nafardan ortiq Milliy gvardiya askarlarini yuboradi. Ushbu chora narkotik savdosiga qarshi kurash doirasida amalga oshirilmoqda. Bu haqda mamlakat Prezidenti Klaudiya Sheynbaum AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
“Meksika AQSHga, ayniqsa, fentanil kontrabandasining oldini olish maqsadida shimoliy chegarasini 10 ming Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari bilan zudlik bilan mustahkamlaydi”, deb yozdi Sheynbaum.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington o‘z navbatida Meksikaga noqonuniy qurol olib kirilishining oldini olish bo‘yicha choralarni kuchaytirishga va’da bergan. Bugun, 3 fevraldan boshlab AQSH va Meksika hukumat delegatsiyalari xavfsizlik va savdo yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.
Shuningdek, Sheynbaum va Tramp o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar natijasida AQSH tomonidan Meksika mahsulotlariga nisbatan joriy etilgan bojxona tariflarining amal qilishi bir oyga to‘xtatiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH 1 fevraldan boshlab Kanada va Meksikadan kelgan tovarlarga 25 foiz, Xitoydan esa 10 foizlik bojlar joriy qilishi xabar qilingandi. Shuningdek, Donald Tramp inauguratsiya kunidayoq immigratsiya choralarini kuchaytirishga olib keladigan bir qator farmonlarni imzoladi. Xususan, u AQSHning janubiy chegarasida favqulodda holat e’lon qildi. Bu chegara devori qurilishini yakunlash uchun Pentagon va mamlakat Qurolli kuchlaridan qo‘shimcha resurslarni yo‘naltirishni nazarda tutadi.
LiveBarchasi