Medvedev Zelenskiyni “yashil ishton kiygan masxaraboz” deb atadi
Olam
−
08 aprel 2023
16600Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Ukraina hech kimga kerak bo‘lmagani uchun yo‘q bo‘lib ketishini ta’kidlab, Vladimir Zelenskiyni “yashil ishton kiygan masxaraboz”, deb atadi. Bu haqda RT xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Medvedev bugun, 8 aprel kuni “Vkontakte” tarmog‘iga joylagan postida Ukraina Yevropaga kerak emasligi, chunki u Kiyevni qo‘llab-quvvatlagani uchun allaqachon moliyaviy va siyosiy do‘zaxni boshidan kechirayotganini ta’kidlagan.
Medvedevning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik qochqinlar oqimi, o‘sib borayotgan inflyatsiya, issiqlik va elektr energiyasi uchun katta to‘lovlar, Yevropa biznesining zarar ko‘rishi va Rossiyaga nisbatan foydasiz sanksiyalar G‘arbiy va Sharqiy Yevropada noroziliklarni keltirib chiqargan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Polsha vaqti-vaqti bilan Ukrainaning g‘arbiy viloyatlarini anneksiya qilish g‘oyasini tekshirib boradi, OAVga tegishli ma’lumotlarni sizdiradi va bunday imkoniyatga nisbatan munosabatni tahlil qiladi. Medvedev Ukraina AQSHga ham kerak emasligi, aksariyat amerikaliklar nima uchun hukumatlari o‘z ichki muammolari turganida Ukrainaga yordam berayotganini tushunmasligini aytgan. Uning postida, shuningdek, Xitoy, Hindiston va Tinch okeani mintaqasidagi davlatlarning ham COVID-19 pandemiyasidan keyingi iqtisodiy tiklanish bilan bog‘liq muammolari yetarli ekani ta’kidlangan.
Medvedevning ta’kidlashicha, Moskvaga Rossiyaning 1991 yilda Ukrainaga atalgan qismlari emas, balki katta Buyuk Rossiya kerak.
“Va nihoyat, fashistlar elitasi boshchiligidagi Ukraina uning o‘z fuqarolariga ham kerak emas. Shuning uchun 45 million aholidan 20 milliondan biroz ko‘prog‘i qoldi. Shuning uchun qolganlar istalgan joyga – ular nafratlangan Polshaga, Yevropa Ittifoqiga, NATOga ketishadi, Amerikaning 52-shtati bo‘lishni xohlashadi. Ha, hech bo‘lmaganda Antarktidadagi pingvinglarga qo‘shiling. Agar u tinch va yemishga boy bo‘lsa.
Hokimiyat guruhining jinoiy ambitsiyalari tufayli ukrainlar doimiy tashvish va qo‘rquvda yashashga majbur. Ular o‘zlarining yashash uylari va xo‘jaliklarini tashlab, qashshoqlikka duchor bo‘lmoqda. Ular mamlakatlar va qit’alar bo‘ylab yaxshiroq hayot izlab yurishga majbur. Va barchasi bulutli Yevropa istiqboli uchun. Aniqrog‘i, yashil ishton kiygan masxaraboz va uning bir guruh fashist sheriklari o‘zlarining offshor hisoblarida o‘g‘irlangan G‘arb pullarini tejashlari uchun. Bunday Ukraina sayyoradagi hech kimga kerak emas. Shuning uchun u yo‘q bo‘ladi”, deb yozadi u.
Eslatib o‘tamiz, Dmitriy Medvedev avvalroq Yevropa Rossiyani bo‘lib tashlamoqchi ekanini iddao qilgandi. Shuningdek, u dunyoda yadroviy apokalipsis yaqinlashayotganini aytgan.
Nodirjon Madaminov
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr