Medvedev Ukrainaga hujum global urushga yo‘l qo‘ymaslik uchun boshlanganini aytdi

Olam

image

Ukrainada “maxsus harbiy operatsiya” Uchinchi jahon urushining oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Fransiyaning LCI telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Biz Uchinchi jahon urushi bo‘lmasligi uchun hamma narsani qilishimiz kerak va mamlakatimiz siyosati aynan shunga qaratilgan”, deydi Medvedev.

Uning tushuntirishicha, agar Ukraina NATOga a’zo bo‘lsa va keyin Rossiya hududiga qarshi harbiy operatsiya boshlasa, Uchinchi jahon urushi boshlanishi mumkin.

Medvedev, shuningdek, “maxsus operatsiya” “eng tejamkor, mo‘’tadil variant bo‘yicha davom etayotgani” va Rossiya harbiylari faqat Ukraina Qurolli Kuchlariga qarshi harbiy amaliyotlar o‘tkazayotganini iddao qilgan.

“Agar vaziyat boshqacha bo‘lganida, siz tushunganingizdek, bu harbiy kampaniya tezroq tugashi mumkin edi. Ammo Ukraina uchun butunlay boshqacha oqibatlar bo‘lardi. Uning infratuzilmasi butunlay vayron bo‘ladi, qaror qabul qilish markazlari, hokimiyat organlari va boshqalar yo‘q qilinadi. Biz bu variantga bormadik”, deydi Medvedev.

Medvedev, shuningdek, hozirda Rossiyaning yadro qurolidan foydalanishi uchun hech qanday asos yo‘qligini ta’kidladi. Uning eslatishicha, bu faqat birovning yadroviy zarbasi yoki “davlatning mavjudligiga tahdid soluvchi boshqa harakatlar”ga javoban sodir bo‘lishi mumkin.

Dmitriy Medvedev, Ukraina bosqinidan so‘ng, jamoatchilik orasida urushning eng agressiv himoyachilaridan biriga aylandi. Shuningdek, u G‘arb va ukrainalik siyosatchilarni haqorat qilib, kelajakda Ukraina “dunyo xaritasida mavjud bo‘lishiga” shubha bildirdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

20

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing