Medvedchuk sobiq Prezidentga qarshi ko‘rsatma berdi
Olam
−
23 may 2022
12431Ukraina Xavfsizlik xizmati muxolifatchi Viktor Medvedchukning sobiq Prezident Pyotr Poroshenkoga qarshi ko‘rsatma bergan videosini e’lon qildi.
Videoda Medvedchukning ta’kidlashicha, Poroshenko unga “quvur sotib olish” iltimosi bilan murojaat qilgan. Gap Rossiyadan Ukraina va Yevropaga dizel yoqilg‘isi yetkazib beruvchi “Transneft” kompaniyasining quvur liniyasi haqida ketmoqda.
“Transneft” bu quvurni sotishi uchun Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashishimni so‘rab, u menga murojaat qildi”, deydi Medvedchuk.
Ta’kidlanishicha, quvur Poroshenkoning mulkiga aylanishi uchun “Transneft” huquqlariga sud orqali e’tiroz bildirish kerak bo‘lgan. Medvedchukning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun Poroshenko ma’muriy resursdan foydalangan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, quvur Poroshenkoga 23 million dollarga tushgan. Shu bilan birga, yil davomida dizel yoqilg‘isini quyishdan tushgan daromad 41-42 million dollarni tashkil etgan.
Shuningdek, Medvedchuk tan olinmagan Donetsk xalq respublikasidan ko‘mir sotib olish mavzusiga to‘xtalgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, RF Rossiya Federatsiyasida sotib olingan 2 tonna ko‘mir uchun Ukraina Donbassdan 1 tonna ko‘mir sotib olishini talab qilib, “kvota” joriy qilgan.
“Poroshenko o‘z qo‘l ostidagilar — Demchishina, Gontareva yordamida Ukrainada ushbu ko‘mir sotilishi kerak bo‘lgan tizimni qurdi”, degan Medvedchuk.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab ular DXRdan ko‘mirni bank o‘tkazmasi orqali to‘lashni rejalashtirishgan. Ammo bunday to‘lov usuli mumkin emasligi ta’kidlangan. Shundan so‘ng naqd pul to‘lashga qaror qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, Ukraina Xavfsizlik xizmati joriy yil aprelda Medvedchuk Prezident Vladimir Zelenskiy topshirig‘iga ko‘ra hibsga olinganini e’lon qildi. Keyinroq Zelenskiy Rossiyaga Medvedchukni asirga olingan Ukraina fuqarolariga almashtirishni taklif qildi. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, Kreml Medvedchuk taqdirini kuzatib boradi va yevropalik siyosatchilarni ham shunga undaydi.
LiveBarchasi