Putin Poroshenkoni “qanoti ostiga” olmoqchi bo‘lganini aytdi
Olam
−
08 fevral 2022
9268Rossiya Ukrainaning sobiq Prezidenti Pyotr Poroshenkoga uning prezidentlik davrida agar unda qandaydir qiyinchiliklar tug‘ilsa, siyosiy boshpana taklif qilmoqchi bo‘lgan. Rossiya hozir ham bunga tayyor. Bu haqda Prezident Vladimir Putin ma’lum qildi.
“O‘z vaqtida, janob Poroshenko hali Ukraina Prezidenti bo‘lganida, men unga kelajakda qandaydir qiyinchiliklarga duch kelsa, Rossiya unga siyosiy boshpana berishga tayyorligini aytgandim”, degan Putin Rossiya-Fransiya muzokaralari yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Poroshenko o‘shanda “bu masalaga juda istehzoli tarzda qaragan”.
“Ammo bugun men Donbassni tartibga solish masalasida jiddiy kelishmovchiliklarimiz bo‘lishiga qaramay, o‘z taklifimni tasdiqlamoqchiman va ishonchim komilki, (Poroshenko — tahr.) bu yo‘nalishda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ygan, ammo baribir, uning davlat jinoyatchisi sifatida jinoiy javobgarlikka tortilishi, menimcha, bugungi rahbariyatning muvaffaqiyati uchun ham haddan tashqari talabdir. Biz janob Poroshenko kabi odamlarga Rossiyadan boshpana berishga tayyormiz”, degan Putin.
Eslatib o‘tamiz, Poroshenko 17 yanvar kuni Varshavadan Kiyevga yetib keldi. Kiyev sudi davlatga xiyonatda ayblanayotgan Ukrainaning beshinchi Prezidenti Pyotr Poroshenkoga nisbatan ehtiyot chorasini tanladi. Unga ko‘ra, sobiq davlat rahbari shaxsiy majburiyat bilan ozodlikda qoladigan bo‘ldi.
Ukrainaning sobiq rahbari 2014-2015 yillarda Donbassga ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha jinoiy ishda ayblanuvchi hisoblanadi. Ish Ukraina Jinoyat kodeksining “Terrorizmni moliyalashtirish”, “Davlatga xiyonat” va “Terrorchi tashkilot tuzish” moddalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgandi.
LiveBarchasi