Medvedchuk Putin va Zelenskiydan o‘zini ayirboshlashni iltimos qildi
Olam
−
18 aprel 2022
9767Ukrainalik rossiyaparast siyosatchi Viktor Medvedchuk Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga uni Mariupoldagi harbiy xizmatchilar va aholiga almashtirish iltimosi bilan murojaat qildi. Uning videomurojaati bugun, 18 aprel kuni Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) tomonidan e’lon qilingan.
“Men, Viktor Vladimirovich Medvedchuk, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga murojaat qilib, Ukraina tomoni meni Mariupol himoyachilari va bugun u yerda bo‘lgan va insonparvarlik yo‘laklari orqali u yerni xavfsiz tark etish imkoniyati bo‘lmagan aholiga almashtirishni iltimos qilmoqchiman”, degan u UXX tomonidan e’lon qilingan videomurojaatida.
Tashkilot matbuot xizmati turli hisob-kitoblarga ko‘ra, Mariupolda 120 mingga yaqin tinch aholi, shuningdek, “Azov” bataloni jangarilari va 36-dengiz piyodalari brigadasi harbiylari qolayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy12 aprel kuni Prezident Zelenskiy Medvedchuk hibsga olingani haqida e’lon qildi va uning kishanlangan suratlarini joyladi. Shu bilan birga, Prezident Moskvaga uni ukrainalik harbiy asirlarga almashtirishni taklif qildi.
Kreml Zelenskiyning taklifiga javoban ukrainalik muxolif siyosatchi Viktor Medvedchukni asirga olingan ukrainalik harbiy xizmatchilarga almashtirish imkoniyatini ko‘rmayotganini — u Rossiya Federatsiyasi fuqarosi emasligini va “maxsus operatsiya”ga hech qanday aloqasi yo‘qligini bildirdi.
Ukraina parlamenti deputati, “Oppozitsionnaya platforma – Za jizn” partiyasi yetakchisi Viktor Medvedchuk kremlparast va Prezident Vladimir Putinga yaqin siyosatchi hisoblanadi. U ikki jinoiy ish bo‘yicha davlatga xiyonatda gumon qilinmoqda.
2021 yil 12 mayda deputatga ishg‘ol qilingan Qrimda milliy boyliklarni talon-toroj qilish, davlat sirlarini oshkor qilish va davlatga xiyonat qilish, urush qonunlari va odatlarini buzish va Ukrainaga qarshi qo‘poruvchilik faoliyatini amalga oshirish (Jinoyat kodeksining 111 va 438-moddalari) ayblovi qo‘yilgan.
O‘sha yilning oktyabr oyida Medvedchukga “ko‘mir ishi” nomini olgan (Jinoyat kodeksining 111-moddasi va 258-3-moddasi 1-qismi) ish bo‘yicha xiyonat va terrorizmga sheriklik ayblovi e’lon qilingan.
LiveBarchasi