Mbappe PSJning rasmiy saytidan “quvg‘in” qilindi
Sport
−
02 avgust 2023
6367Fransiyalik hujumchi Kilian Mbappening surati PSJ klubining rasmiy sayti muqovasidan olib tashlandi. Hozirda saytning yangi posterida Neymar, Marko Veratti, Markinyos, Lyuka Ernandes va Li Kan Inni ko‘rish mumkin.
Avval xabar berganimizdek, PSJ agar 24 yoshli fransiyalik shu yozda jamoani tark etmasa, demak, u yangi mavsumda maydonga tushmasligini ma’lum qilgan edi. Klub futbolchi oldiga ikkita variant qo‘ygan: u jamoadan ketishi yoki shartnomani uzaytirishi kerak.
Gap shundaki, Mbappe PSJ bilan 2024/2025 yilgi mavsum uchun shartnomani avtomatik ravishda uzaytirish variantini faollashtirmayapti. Fransiya klubi esa hujumchi uchun eng asosiy da’vogar bo‘lgan “Real Madrid” klubiga erkin agent sifatida tekinga o‘tib ketishidan xavotirda. Shu sababli, klub boshliqlari futbolchiga nisbatan ultimatum qo‘ydi. Unga ko‘ra, u shu yozda PSJ bilan shartnomani uzaytirishi yoki boshqa jamoaga o‘tishi kerak. Fransiya o‘z chempionini 200 million yevro va qo‘shimcha bonuslar evaziga qo‘yib yuborishga tayyor.
Yuqoridagi mojarolar fonida Ispaniyaning “Real” jamoasi Mbappening transferi doirasidagi harakatlarini jadallashtira boshladi. Hatto klubga yaqin manbalar “qaymoqranglilar” rahbariyati jamoaga o‘tishga yaqin bo‘lib turgan PSJ hujumchisi Kilian Mbappeni Ispaniya chempionatining 1-turidan o‘rin olgan “Atletik Bilbao”ga qarshi o‘yinda debyut qilishini ta’minlash istagida ekanini ayta boshladi.
Keyinchalik vaziyatga mamlakat Prezidenti Emmanuel Makron ham aralashib, hujumchiga shartnoma borasida bosim o‘tkaza boshladi. Manbaga ko‘ra, Makron 24 yoshli futbolchining yana bir mavsumni Parij klubida o‘tkazishini va 2024 yilgi Olimpiadaga e’tibor qaratishini istamoqda. Aytish joizki, o‘tgan yili ham Mbappe Makronning aralashuvi tufayli PSJ bilan shartnomasini uzaytirgandi. O‘shanda ko‘pchilik futbolchining “Real”ga erkin agent sifatida o‘tishini kutgan edi.
“Real” va PSJ o‘rtasida arosatda bo‘lib turgan forvard tomonga Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi ham jiddiy narx ko‘targan holda qadam tashlay boshladi. Saudiya klubi parijliklarga futbolchi transferi uchun 300 million yevro taklif qildi. Qayd etish joiz, futbol tarixida 300 million yevrolik transfer hali bo‘lmagan. Biroq arablar “qaysar fransuz”ni pul bilan ko‘ndira olmadi. Buning ortidan esa tarixdagi eng yirik qiymatdagi transfer amalga oshmaydigan bo‘ldi.