Mbappe Fransiya futbol federatsiyasi prezidentini tanqid qildi

Sport

image

PSJ klubi a’zosi Killian Mbappe Fransiya futbol federatsiyasi (FFF) prezidenti Noel Le Greni Zidan haqidagi fikrlari uchun tanqid qildi. Bu haqda "RMC Sport" nashri xabar berdi.

Mbappe o‘z Twitter sahifasida "Real"ning sobiq bosh murabbiyi haqida iliq fikrlarni yozdi.

“Zidan – Fransiya terma jamoasining afsonasi. Biz unga nisbatan bunchalik hurmatsizlik qila olmaymiz”, deydi Mbappe.

8 yanvar kuni FFF prezidenti Zidanning murabbiylik kelajagi uni qiziqtirmasligini va hattoki mutaxassis bilan telefonda gaplashmasligini aytgandi. 

“Men Zidan bilan hech qachon uchrashmaganman, biz Dide Desham bilan hamkorlikni to‘xtatish haqida o‘ylab ham ko‘rmadik. Zidan kelajakda Braziliya terma jamoasini boshqarsa ham menga farqi yo‘q, u xohlagan joyiga borishi mumkin. Agar u men bilan bog‘lanmoqchi bo‘lsa, buning imkoni yo‘q, uning qo‘ng‘iroqlariga javob bermagan bo‘lardim”, deydi Le Gre.

7 yanvar kuni Fransiya futbol federatsiyasi matbuot xizmati milliy terma jamoa bosh murabbiyi Desham bilan shartnoma 2026 yilgacha uzaytirilganini ma’lum qildi. Mutaxassis 2012 yilning yozidan buyon jamoani boshqarib kelmoqda. Desham boshchiligida Fransiya terma jamoasi 2018 yilgi Jahon chempionatida g‘olib chiqdi, 2022 yilgi Jahon chempionati va 2016 yilgi Yevropa chempionatining kumush medali sohibiga aylandi. 54 yoshli mutaxassis federatsiya bilan shartnomasini to‘rtinchi bor uzaytirdi, u Fransiya terma jamoasini boshqargan murabbiylar orasida g‘alabalar soni bo‘yicha peshqadam (140 uchrashuvda 90 ta g‘alaba) hisoblanadi.

50 yoshli Zidan 2021 yilning yozida “Real”ni tark etganidan beri ishsiz. 2020/21 yilgi mavsumda uning qo‘l ostida “Real” Ispaniya chempionatda 2-o‘rinni egalladi va Chempionlar ligasining yarim finaliga chiqdi. Shuningdek, Zidan 2016 yildan 2018 yilgacha “Real”ni boshqargan. Uning qo‘l ostida “Real” uch marta Yevropa Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi va ikki marta Ispaniya chempioni bo‘ldi. 2017 yil yakunlariga ko‘ra, Zidan Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) va Fransiyaning nufuzli “France Football” jurnali tomonidan eng yaxshi murabbiy deb topildi.

Avvalroq, Ayrim OAVlar Zidanning Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyligiga mahalliy futbol konfederatsiyasi rahbariyati tomonidan qiziqish bildirilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq Fransiyaning “L'Equipe” nashri xabariga ko‘ra, mutaxassis Braziliya terma jamoasini boshqarish taklifini rad etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Fransiya Mbappe

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing