Mbappe PSJga Neymarni sotish shartini qo‘ydi
Sport
−
26 dekabr 2022
6390PSJ hujumchisi Kilian Mbappe ma’lum shartlar evaziga Parij klubida qolishga tayyor ekanligini aytdi. Bu haqda "OK Diario" nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Mbappe kelasi yozda yoki 2024 yilda PSJni tark etishi mumkin. Bunga yo‘l qo‘yilmasligi uchun futbolchi klubga uchta shart qo‘ydi.
Shartlardan birinchisi braziliyalik hujumchi Neymarning PSJdan ketishi. Klub o‘tgan yozda Mbappeni xursand qilish uchun braziliyalik futbolchini sotishga urindi, biroq Neymarga PSJ darajasidagi maoshni kafolatlay oladigan birorta ham potensial xaridor topilmadi.
Mbappening ikkinchi shartiga ko‘ra, PSJ "Tottenxem" bilan shartnomasi 2024 yilning yozida tugaydigan hujumchi Harri Keyn bilan shartnoma imzolashi kerak.
Uchinchi shart – "Real"ning sobiq ustozi Zinedin Zidanni PSJ bosh murabbiyi lavozimiga taklif qilish.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsumda Mbappening PSJ bilan shartnomasi yakuniga yetgandi. Fransiyalik futbolchining "Real"ga o‘tishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi, ammo hujumchi joriy klubi bilan shartnomani uzaytirishga qaror qildi.