Maydon kengayyapti. Hindiston ham savdo urushiga qo‘shildi
Olam
−
16 iyun 2019
8318Hindiston AQSHdan olib kelinadigan 28 turdagi tovarga qo‘shimcha boj joriy qildi. Mamlakat Moliya vazirligi tomonidan tayyorlangan hujjat matni “Gazette of India”da e’lon qilindi.
Bojlar bugun, 16 iyun kunidan kuchga kiradi. Hindiston qo‘shimcha boj joriy qilgan mahsulotlar orasida olma, grek yong‘og‘i va bodom kabi amerika tovarlari bor.
Qo‘shimcha bojlar AQSHga 220-290 mln dollarlik qo‘shimcha og‘irlik bo‘ladi. 2018 yilda rasmiy Vashington Nyu-Deliga aynan shuncha miqdorda qo‘shimcha boj joriy qilgandi.
Avvalroq, AQSH Prezidenti Donald Tramp Hindiston va Turkiyani Umumiy imtiyozlar tizimi doirasida savdo imtiyozlaridan mahrum qilishga qaror qilganligini bildirgandi. Amerika yetakchisining izoh berishicha, qaror Hindistonning Qo‘shma Shtatlar uchun o‘z bozorlariga erkin kirishni ta’minlay olmagani bilan shartlangan. Turkiya esa iqtisodiy o‘sish darajasi tufayli imtiyozlardan mahrum qilingan.
Tomonlar o‘tgan yildan bir-birini bojlar bilan “siylashni” boshlagandi. Jarayon AQSH Prezidenti mamlakatga olib kelinayotgan barcha alyumin va po‘latga boj joriy qilishi bilan boshlangan. Hindiston bunga javoban 30 ta amerika mahsulotiga qo‘shimcha boj joriy qilishga va’da bergandi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH va Xitoy o‘rtasida savdo urushi borgan sari avj olyapti. O‘zaro muzokaralar esa hech bir samara berayotgani yo‘q. Endi esa AQSH bilan savdo urushiga Hindiston ham kirishib ketdi.
LiveBarchasi