Masjidda portlash uyushtirgan terrorchi yo‘q qilindi
Olam
−
26 mart 2023
17382Avval xabar berganimizdek, Qobuldagi “Tolibon” harakatining Ichki ishlar vazirligiga qarashli masjidda portlash uyushtirilgan, oqibatda 4 kishi halok bo‘lgan, 25 kishi yaralangan edi. Portlash uchun javobgar ISHID terrorchilik guruhining asosiy a’zosi Asad Lag‘moniy “Tolibon” harakati xavfsizlik kuchlari tomonidan yo‘q qilindi. Bu haqda bugun, 26 mart kuni “Tolibon”ning Bosh razvedka boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib, “Ariana News” telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, Lag‘moniy joylashgan boshpanadagi maxsus operatsiya chog‘ida xavfsizlik kuchlari 3000 dona Kalashnikov avtomati, portlovchi moddalar va qo‘l granatalarini qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot uchun, 2022 yildan beri Afg‘onistonda bir qator teraktlar sodir bo‘lgan. Ular uchun javobgarlikni esa ISHID o‘z zimmasiga olgan. O‘z navbatida, “Tolibon” vakillari Afg‘onistondagi ISHIDning asosiy tuzilmalarini bostirganini da’vo qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyatida portlash sodir bo‘lgan, oqibatda ikki kishi, jumladan, Balx gubernatori Muhammad Dovud halok bo‘lgandi. Mozori Sharif shahridagi “Tebiyan” Eron madaniyat markazida ham jurnalistlar, mahalliy rasmiylar va bir qancha din arboblari ishtirok etgan tadbirda terakt sodir bo‘lib, oqibatda ikki kishi halok bo‘lgan, yana 14 kishi yaralangandi.
LiveBarchasi