Mask va Sukerbergdan Geytsgacha. Yuksak texnologiya asoschilari AQSHda muzokara o‘tkazdi (video)

Olam

image

Texnologiya dunyosining ko‘zga ko‘ringan vakillari Ilon Mask, Sem Oltmen, Mark Sukerberg, Sundar Pichai va boshqalar AQSH senatorlari bilan sun’iy intellekt(SI)ni tartibga solish bo‘yicha muzokaralar uchun yig‘ildi. Bu haqda “The New York Times” nashri xabar berdi. 

Yevropa allaqachon SIni tartibga soluvchi qonunlar ishlab chiqqan bo‘lsa-da, Qo‘shma Shtatlar bu borada ortda qolmoqda. Ammo Oq uy, Kongress va tartibga soluvchi idoralar so‘nggi oylarda himoya choralari ustida bosh qotiryapti. 

Ushbu yig‘ilish ham Senat rahbari, Nyu-Yorklik demokrat Chak Shumer tomonidan tashkil etilgan texnologiya bo‘yicha Kongress forumining bir qismi bo‘ldi.

Muzokaralar kecha, 13 sentyabr kuni AQSHning Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan. Unda texnologiya gigantlari rasmiylari bilan sun’iy intellektning bugungi va kelajakdagi faoliyatiga oid qoidalar muhokama qilindi. Muzokaralar davomida Ilon Mask sun’iy intellektning sivilizatsiyaga xavfi haqida ogohlantirdi. Google kompaniyasining bosh ijrochi direktori Sundar Pichai esa texnologiyaning sog‘liq va energiya muammolarini hal qilishdagi imkoniyatlarini haqida eslatgan. Meta kompaniyasi egasi Mark Sukerberg ham sun’iy intellektning muhimligini ta’kidladi.

Uchrashuvda, shuningdek, Microsoft asoschisi Bill Geyts va kompaniyaning yana bir vakili Satya Nadella, Nvidia kompaniyasidan Jensen Xuang ham ishtirok etgan. Bir xonada o‘ndan ortiq texnologiya sohasining martabali vakillari yig‘ildi. Bu esa kamdam-kam kuzatiladigan hodisa.

Pichai muzokaralarni “samarali” deb atagan. Shuningdek, u hukumat innovatsiyalarning muvozanatini saqlashi zarurligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Ilon Mask intervyularidan birida texnologiya rahbarlarini sun’iy intelekt "sivilizatsiya halokatiga" olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. Keyinroq “Hanson Robotics” kompaniyasi tomonidan yaratilgan odamsimon robot Sophia Birlashgan Millatlar Tashkilotining konferensiyasida bir daqiqa so‘zladi va unga savol bergan jurnalistga unga  yaxshi bo‘lishsa, robot ham odamlarga yaxshi munosabatda bo‘lishini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Senat Oq uy Kongress sun'iy intellekt Mask Tsukerberg Geyts Pichai

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing