Mask davlatdan 38 mlrd dollar pul olgan – WP
Olam
−
26 fevral 6027 2 daqiqa
Amerikalik tadbirkor va AQSH Davlat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask va uning kompaniyalari bir necha yil davomida davlatdan kamida 38 milliard dollar olgan. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.
“Bir necha yil davomida Mask va uning kompaniyalari davlat shartnomalari, kreditlar, subsidiyalar va soliq imtiyozlari shaklida, odatda muhim pallalarda kamida 38 milliard dollar olgan”, deyiladi maqolada.
Nashrning yozishicha, bu mablag‘lar 20 yildan ortiq vaqt davomida to‘langan. Xususan, nashr o‘z manbalariga tayanib, Mask 2008 yilda Tesla kompaniyasi bosh direktori lavozimini egallaganidan so‘ng Energetika vazirligidan past foizli kredit olish uchun qattiq kurashgani haqida yozadi. U kompaniya rahbarlari bilan har kuni hujjatlar bo‘yicha yig‘ilishlar o‘tkazgan va davlat kreditlash bo‘yicha mutaxassisi bilan soatlab muloqot qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 38 milliard dollar mablag‘ning deyarli uchdan ikki qismi Mask kompaniyalariga so‘nggi besh yil ichida ajratilgan.
“Faqat 2024 yilda federal va mahalliy hokimiyat organlari Maskning kompaniyalariga kamida 6,3 milliard dollar ajratgan bo‘lib, bu hozirgacha qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir”, deb yozadi WP.
Nashrning yozishicha, ajratilgan mablag‘larning umumiy summasi bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin, chunki tahlil faqat ochiq manbalarda mavjud bo‘lgan shartnomalarni o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili dekabr oyida SpaceX va Tesla asoschisi Ilon Mask tarixda boyligi 400 milliard dollardan oshgan birinchi shaxs bo‘lgan edi. Mask boyligi bo‘yicha Amazon asoschisi Jeff Bezos va Meta rahbari Mark Sukerbergdan oldinda bormoqda.
Live
BarchasiNavoiyda Qorbobolar paradi o‘tkazildi
25 dekabr
Mariya Zaxarova 50 yoshga to‘ldi
25 dekabr