Marsda ilk bor murakkab organik birikmalar aniqlandi
Bu qiziq
−
14:31 935 2 daqiqa
NASA’ning “Perseverance” marsoxodi taxminan 3,7 milliard yil avval mavjud bo‘lgan qadimgi ko‘l hududi – Yezero krateridagi jinslarda makromolekulyar uglerodni aniqladi. Bu Mars yuzasiga eng yaqin masofada qayd etilgan organik modda topilmasidir. Bu haqdagi tadqiqot ishi “Science Advances” (SA) jurnalida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, olimlar Neretva Vallis daryo kanalidagi “Brayt-Eyndjel” ochilib qolgan jinslarini tadqiq qilish uchun marsoxod bortidagi SHERLOC asbobidan foydalangan. O‘rganilgan jinslardan biri – qoplon terisini eslatuvchi dog‘li naqshlarga ega mashhur “Shayava Fols” mergel toshidir. Aynan mana shu dog‘lar avvalroq uning biologik kelib chiqishi mumkinligi haqidagi bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan edi.
“Ishlov berilmagan tog‘ jinsi yuzasida makromolekulyar uglerodning topilishi Mars yuzasidagi eng yuza qatlamda joylashgan organik topilma hisoblanadi. Bu organik moddalar nisbatan yaqinda ochilib qolganidan yoki fotohimoya xususiyatiga ega minerallar tomonidan saqlab turilganidan dalolat beradi”, deydi NASA Reaktiv harakatlanish laboratoriyasi astrobiologi Kayl Uskert.
Uglerodning spektral xususiyatlari ham abiotik manbalar – meteoritlar va gidrotermal jinslarga, ham biotik manbalarga, jumladan, mikrob matlari va toshko‘mirga mos keladi.
“Biz ushbu ma’lumotlardan topilgan uglerodni biror bir aniq manbaga bog‘lash uchun foydalana olmaymiz, shu bolatdan biologik sintez istisno etilmaydi”, deya aniqlik kiritgan Sayyorashunoslik instituti geologi Eshli Merfi.
Ushbu birikmalarning kelib chiqish sirini faqatgina Mars namunalari Yerga olib kelinganidan keyin, laboratoriya sharoitida to‘liq ochish mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NASA Mars orbitasida o‘n yildan ortiq vaqt davomida ishlagan MAVEN zondi ishdan chiqqanini rasman tan olgandi.
Live
Barchasi