Marokash va Jazoirda toshqin yigirmaga yaqin odamning hayotiga zomin bo‘ldi (video)
Olam
−
10 Sentabr
26058-9 sentyabr kunlari Shimoliy Afrikaning odatda qurg‘oqchil bo‘lgan tog‘lari va cho‘llarida kuchli yomg‘ir yog‘di. Toshqin oqibatida Marokash va Jazoirda yigirmaga yaqin odam halok bo‘ldi, uylar va muhim infratuzilma vayronaga aylandi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Marokash rasmiylariga ko‘ra, ikki kunlik yog‘ingarchilik tarixiy o‘rtacha ko‘rsatkichdan, ba’zi hollarda esa yillik o‘rtacha miqdordan oshib ketgan. Meteorologlar Shimoliy Afrikaning juda kam yomg‘ir yog‘adigan ko‘plab hududlarida, xususan Sahroi Kabir cho‘lida noyob to‘fon bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Qayd etilishicha, tarixan infratuzilma mavjud bo‘lmagan qishloq joylarda 18 kishi halok bo‘lgan, 56 ta uy qulagan va to‘qqiz kishi bedarak yo‘qolgan. Ichimlik suvi va elektr infratuzilmasi, shuningdek, asosiy yo‘llar shikastlangan.
Cho‘l manzaralarini tomosha qilish uchun borgan kanadalik va perulik sayyohlar ham toshqin oqibatida vafot etgan. Marokash Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Rashid El-Halfi hukumat suv bosgan hududlarda aloqani tiklash ustida ishlayotganini ma’lum qildi va odamlarni ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
Shuningdek, Jazoir Ichki ishlar vaziri Brahim Meradga ko‘ra, toshqin oqibatida mamlakatning cho‘l viloyatlarida kamida besh kishi halok bo‘lgan. Hukumat minglab fuqaro muhofazasi va harbiy ofitserlarni favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va uylarida qolib ketgan oilalarni qutqarish uchun yuborgan. Suv toshqinlari ko‘priklar va poyezdlarga ham zarar yetkazgan. Yog‘ingarchilik miqdori ba’zi hududlarda yillik darajadan oshib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vetnam shimolini qamrab olgan “Yagi” to‘foni qurbonlari soni 60 dan oshgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi