Markaziy Osiyoda eng arzon internet qaysi davlatda?
Olam
−
20 iyun 2022
16712Buyuk Britaniyaning Broadbandchoices kompaniyasi tomonidan tayyorlangan Internetga kirish imkoniyati indeksiga (Internet Accessibility Index) ko‘ra, O‘zbekiston mobil internet narxi bo‘yicha 164 mamlakat ichida 28-o‘rinni egalladi.
O‘zbekistonliklar 1 Gb mobil internet uchun 1,3 dollar to‘laydi. Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng past internet tariflari Qirg‘iziston (1 Gb uchun 0,6 dollar) va Qozog‘istonda (1 Gb uchun 0,8 dollar) ekani aniqlangan. Mobil internet Tojikistonda ancha qimmat – 1 Gb uchun 3,5 dollar va Turkmanistonda – 17,5 dollar.
Arzon mobil internetga ega yetakchi o‘ntalikka Qozog‘iston va Qirg‘izistondan tashqari MDHning Rossiya va Belarus kabi davlatlari ham kirdi.
Eng arzon internet Isroilda – 1 Gb uchun 0,3 dollar va Rossiyada – 0,5 dollar, eng qimmati esa Ekvatorial Gvineyada (36,6 dollar) qayd etilgan.
Reyting o‘rtacha internet tezligi, internetga keng polosali ulanishning narxi va mavjudligi, 1 Gb mobil ma’lumotlarning narxi kabi 10 ta omil asosida tuzilgan.
Umuman olganda, umumiy reytingda O‘zbekiston 100 balldan 75,3 ball to‘plagan va internetdan foydalanish imkoniyati bo‘yicha 113-o‘rinni egalladi.
Reytingda Daniya, AQSH va Lixtenshteyn birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Niger, Burundi va Mavritaniya oxirgi o‘rinlarni band qildi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozog‘iston mobil internet tezligi bo‘yicha ham yetakchilik qilmoqda. Shunday qilib, Qirg‘izistonda bu ko‘rsatkich 19,4 Mbit/s, O‘zbekistonda – 13,67 Mbit/s, Tojikistonda – 7,84 Mbit/s, Turkmanistonda atigi 3,31 Mbit/sni tashkil qilgan.
LiveBarchasi