Ogohlantirish: 15 mln bola internetda uyatsiz kontentga duch kelgan – UNICEF

Olam

image

Internetda jinsiy zo‘ravonlikka duch kelayotgan o‘smirlar soni tobora ortib, har beshinchi 12-17 yashar bola bunday holatga uchramoqda. Bu haqda UNICEF hisobotiga tayanib, “Deutsche Welle” xabar berdi.

Qayd etilishicha, UNICEF 21 ta davlatda qariyb 21 ming nafar internetdan muntazam foydalanuvchi yoshlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazgan. Tadqiqotda 12-17 yoshli o‘smirlar ishtirok etgan. So‘rov natijalariga ko‘ra, 15 milliondan ortiq bola internetda xohishidan tashqari jinsiy mazmundagi kontentga duch kelgan.

Taxminan 9 million nafar bola jinsiy mazmundagi suhbatlarga majburlangan yoki shaxsiy suratlarini yuborishga undalgan. Yana qariyb 4 million nafar bolaning jinsiy mazmundagi suratlari ularning roziligisiz tarqatilgan.

Ma’lum qilinishicha, jabrlanganlarning 41 foizi boshidan kechirgan voqeasi haqida hech kimga aytmagan bo‘lsa, yana ayrimlari esa bu haqda do‘stlari, aka-ukalari yoki onalariga murojaat qilgan. Holatlrning 1 foizidan kami huquq-tartibot idoralariga xabar qilingan.

Tadqiqotda internetdagi bunday tajovuzlarning aksariyati jabrlanuvchiga notanish shaxslar tomonidan sodir etilmasligi ham aniqlangan. Holatlarning 57 foizida tajovuz qilgan shaxs jabrlanuvchiga avvaldan tanish bo‘lgan. Ularning orasida do‘stlar, qarindoshlar va romantik munosabatda bo‘lgan shaxslar ham bor.

UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, bunday holatlarning 60 foizi asosan Facebook, WhatsApp va Instagram platformalari bilan bog‘liq. Shuningdek, Snapchat, TikTok va YouTube ham qayd etilgan. So‘rovda ishtirok etganlarning 14 foizi onlayn o‘yin platformalarida jinsiy zo‘ravonlikka duch kelganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy intellekt, anonimlik va samarali qonunlarning yo‘qligi raqamli makonda ayollarga bo‘lgan kibertahdid va virtual zo‘rlik xavfini oshirayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing