Virtualda piching, reallikda qon: Rossiya va Ukraina SMM’chilari ham jang qildi
Tahlil
−
21:25 549 5 daqiqa
Rossiya va Ukraina urushi faqatgina osmonni larzaga soluvchi raketalar va shiddatli dron hujumlari ostida kechayotgani yo‘q. Eng ayovsiz, shu bilan birga boshqa davlat fuqarolari va kuzatuvchilar ongini o‘zgartira oladigan eng “zaharli” janglar internet va tarmoqlarda, juda sodda qilib aytganda, ikki tomonning SMM’chilari o‘rtasida kechmoqda. Bir tomonda – osmonni qoplagan dron suratini qo‘yib, “qishda sovuq qotasizlar” deb do‘q urayotgan Moskva, ikkinchi tomonda esa – “neft zavodlaringiz olovida isinamiz” deb kesatayotgan Kiyev. 2022 yilning fevralida “Ukrainani qutqarish va Kiyevni 3 kunda olish” da’vosi bilan boshlangan ambitsiyalar urushning beshinchi yiliga kelib, tarmoqlarda bir-biriga sovuq va ayoz va’da qiladigan darajada “evolyutsiya” qildi.
Voqealar xronologiyasiga qaraydigan bo‘lsak, 14 avgust kuni Rossiya Mudofaa vazirligi o‘zining rasmiy Telegram-kanalida Ukrainaga uchirilgan “Shahed” dronlari suratini joylab, rasmga alohida “To‘satdan boshingizga yog‘ilgan qordek” deb yozdi. Uning ostiga esa “Bu qishda sizni ayoz kutmoqda” deya izoh qoldirdi. Ya’ni, “energetika tizimingizni yana urmoqchimiz, muzlab qolasizlar” demoqchi bo‘ldi.
Ukraina tomoni bu piching va tahdidni e’tiborsiz qoldirmadi. Ukraina Qurolli Kuchlarining Strategik kommunikatsiyalar boshqarmasi o‘sha kunning o‘zidayoq alanga ichida qolgan Rossiya neftni qayta ishlash zavodining suratini joylab, “Rossiya neft zavodlarining olovida isinamiz” deb piching qildi.
Ukraina Dezinformatsiyaga qarshi kurashish markazi rahbari Andrey Kovalenko esa bu holatni baholarkan, bu tahdidlar orqali Rossiya Mudofaa vazirligi aslida o‘z xalqiga murojaat qilganini, endi rossiyaliklar bu qishda nega chiroqsiz va yonilg‘isiz qolishlarini, buning uchun kimga rahmat aytishni yaxshiroq tushunishlarini ta’kidladi.
“Rossiya Mudofaa vazirligi aslida o‘z xalqiga murojaat qildi. Endi rossiyaliklar bu qishda nega chiroqsiz, issiqliksiz va yonilg‘isiz qolishlarini, buning uchun kimga “raxmat” aytish kerakligini aniq bilishadi. Ko‘zgu har doim ishlaydi: nimani eksang, shuni o‘rasan”, dedi Andrey Kovalenko.
Xo‘sh, endi Telegram’da bo‘lgan yozishma urushining kelib chiqishiga qisman to‘xtalamiz. Rossiya boshlagan postli tahdidlar shunchaki havodagi gap emas. Ukraina allaqachon bu kabi dahshatli reallikni o‘z boshidan o‘tkazgan. 2022 yilning 23 noyabrida Rossiyaning ommaviy raketa zarbalari oqibatida Ukraina zamonaviy tarixdagi ilk total “blekaut”ni boshdan kechirgan edi. O‘shanda butun mamlakat bo‘ylab elektr, suv va issiqlik ta’minoti butunlay uzilib, hatto barcha atom elektr stansiyalari avtomatik ravishda o‘chib qolgan, millionlab aholi kunlab qattiq sovuqda zulmatda qolgan edi. Buning oqibatida esa yosh bolalardan tortib qariyalargacha sovuqdan o‘lgani haqidagi xabar e’lon qilindi. Shundan beri har bir qish og‘ir kechmoqda. Ukraina esa 2026 yil boshidan beri Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlari, neft bazalari va eksport terminallariga 240 marotabadan ortiq hujum uyushtirgan. Rossiyadagi eng yirik 11 ta neftni qayta ishlash zavodining barchasi Ukraina uzoq masofali dronlarining zarbasiga uchragan. Umuman olganda, Rossiyadagi yiliga 1 million tonnadan ortiq quvvatga ega bo‘lgan 33 ta yirik zavoddan kamida 24 tasiga shikast yetkazilgan. Rossiya hududida dronlar hali yetib bormagan deyarli birorta yirik NQZ qolmagan. Buning oqibatida esa o‘nlab odamlar o‘ldi. Ularning orasida Tataristonda vafot etgan 8 nafar o‘zbekistonlik ham bor.
Ya’ni SMM’chilarning bu piching va jangnomalari ortida ikki davlatning katta yo‘qotishlari, vayron bo‘lgan shaharlar va yuz minglab qurbonlarning qoni yotibdi. BMT va xalqaro kuzatuvchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, urush davomida Ukrainaning 12 mingdan ortiq tinch aholisi halok bo‘ldi, Kiyev 70–100 ming atrofida harbiylaridan ayrildi. Mamlakatga yetkazilgan bevosita moddiy zarar 500 milliard dollardan oshib ketgan bo‘lsa, vayron bo‘lgan energetika tizimi va infrastrukturani qayta tiklash uchun kamida yana shuncha mablag‘ va 20–30 yil vaqt talab etiladi. Energetika infratuzilmasining 60 foizidan ortig‘i allaqachon shikastlangan yoki yo‘q qilingan.
“Maxsus harbiy operatsiya” deb atalmish bu yurish Rossiya uchun ham dahshatli badal talab qildi. Ochiq manbalar va xalqaro razvedka ma’lumotlariga tayaniladigan bo‘lsa, Rossiya tomonidan halok bo‘lgan va og‘ir yaralanib safdan chiqqan harbiylar soni yarim millionga yaqinlashdi, shundan kamida 120–150 ming nafari ortga tobutda qaytgan. Ukraina dronlarining muntazam hujumlari sababli Rossiya neftni qayta ishlash quvvatining kamida beshdan bir qismidan mahrum bo‘ldi va buning oqibatida o‘nlab hududlarda yonilg‘i inqirozi boshlandi. G‘arb banklarida muzlatib qo‘yilgan 300 milliard dollarlik aktivlar va kiritilgan 18 mingdan ortiq sanksiyalar butun boshli iqtisodiyotni texnologik jihatdan urushgacha bo‘lgan davrga qaytarish uchun kamida 15–20 yil kerak bo‘ladigan holatga keltirib qo‘ydi.
3 kunlik urushning beshinchi yili
2022 yilning fevralida “Kiyevni uch kunda olish” maqsadi bilan boshlangan “maxsus harbiy operatsiya” bugunga kelib qay ahvoldaligini bilasiz. Oradan 4,5 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, nafaqat Kiyev, hatto 2014 yildan beri egallash harakatlari davom etayotgan Donetsk viloyati hududlarini ham o‘ziniki qilolgani yo‘q.
Bir vaqtlar ukrainaliklarga “Biz sizni qutqargani boryapmiz” degan ritorika ishlatgan Moskva bugun ochiqchasiga tahdid va do‘q-po‘pisa tiliga o‘tdi. Oddiy fuqarolari tomon qilingan hujumlarni keskin qoralagan Ukraina ham bir paytlar o‘zi yomon ekanini aytgan ishlarni bugun qilyapti. Ikki davlatning o‘zgaruvchan pozitsiyasi urushning asl basharasi va uni boshlaganlar, undan himoyalanganlarning dastlabki rejalari qanchalik barbod bo‘lgani yoki motivi o‘zgarganining yaqqol isboti.
Tarmoqlardagi chiqishlar shunchaki trolling emas, balki ikki tomonning ham energetika tizimini kuydirish va qarshi taraf aholisini ma’nan sindirishga qaratilgan og‘ir qish oldidan boshlangan strategik “asablar urushi”dir. Bombalar, raketalar va dronlar ikki davlatni ham o‘nlab yillarga ortga uloqtirdi, yuz minglab insonlar yostig‘ini quritdi va milliardlab dollarlik boylikni kulga aylantirdi. Ammo ikki davlatdagi hayot qanchalik qonli va fojiali bo‘lmasin, virtual makondagi “askarlar” hali ham bir-birini sovuqda muzlatish va olovda kuydirish bilan mag‘rurlanishda davom etmoqda. Ularni kuzata turib, faqat bir gapni aytishimiz mumkin: Noming o‘chsin, urush!
Live
Barchasi