Rossiya bir oqshomning o‘zida Kiyevdagi bog‘cha va litseyga zarba berdi
Olam
−
08:27 893 2 daqiqa
Rossiya dronlari kecha, 25 sentyabr oqshomida Kiyev viloyatining Vishgorod tumanidagi 2-sonli Ivankov litseyiga va Kiyevning Obolon tumanidagi bolalar bog‘chasiga zarba berdi. Ikkala binoda ham yong‘in chiqqan. Hujumlar oqibatida halok bo‘lganlar va jarohat olganlar haqida ma’lumot yo‘q. Bu haqda TSN xabar berdi.
Kiyev viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko Ivankov litseyiga berilgan zarbadan so‘ng olov binoning 300 kvadrat metrdan ortiq maydonini egallab olganini ma’lum qilgan. O‘qqa tutish vaqtida litsey o‘quvchilari binoda bo‘lmagan. Tkachenkoning ma’lumotlariga ko‘ra, ta’lim muassasasida jami 1100 ga yaqin bola tahsil oladi.
“Rossiyaliklar fuqarolik ob’ektlariga berilayotgan zarbalarga ijtimoiy infratuzilmaga qarshi terrorni ham qo‘shmoqda – bolalar tahsil olayotgan maktablarga zarba bermoqda”, deydi Tkachenko.
Kiyev meri Vitaliy Klichko Obolon tumanida dron, taxminlarga ko‘ra, bolalar bog‘chasining ikki qavatli binosiga tushganini va shundan so‘ng u yerda yong‘in boshlanganini xabar qilgan. Voqea joyidan TSN dron zarbasidan maktabgacha ta’lim muassasasi zarar ko‘rganini tasdiqlagan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, hujumdan so‘ng binoni olov egallagan, voqea joyiga shoshilinch xizmatlar yetib borgan.
Ta’lim muassasalariga berilgan zarbalar Kiyevga uyushtirilgan ommaviy hujum fonida sodir bo‘lgan. Klichkoning ma’lumotlariga ko‘ra, 25 sentyabr kuni Rossiya zarbalari oqibatida yetti kishi halok bo‘lgan, yana 59 kishi jarohat olgan. Jarohatlanganlarning 25 nafari shahar shifoxonalarida qolmoqda, ulardan birining ahvoli og‘ir. Halok bo‘lganlar orasida 14 yoshli o‘smir ham bor. Yana ikki nafar bola shifoxonaga yotqizilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Rossiyaning bir qator hududlariga yirik dron hujumini uyushtirib, neftni qayta ishlash zavodi va yo‘lovchi poyezdiga zarar yetkazgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi