Rossiyada ayiqlar bir oy ichida 7 kishini o‘limiga sabab bo‘ldi

Olam

−

image

Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasida ayiqning odamga qilgan hujumi oqibatida 51 yoshli ayol halok bo‘ldi. Bu haqda The Insider xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa kecha, 25 sentyabr kuni Irbey-Sayan okrugining Voznesenka qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Ayol ertalab tomorqasiga chiqqanidan ayiq uy hayvonlari saqlanadigan qo‘raga kirishga urinayotganini ko‘rgan. Yirtqich unga tashlanib, ayolni voqea joyida o‘ldirgan. Shundan so‘ng ayiq qo‘shnisi tomonidan otib o‘ldirilgan.

Ikki kun avval Rossiya Tergov qo‘mitasi sentyabr oyida ayiq hujumlari oqibatida 6 kishi halok bo‘lgani yuzasidan mansabdorlarning ehtimoliy loqaydligi bo‘yicha jinoyat ishi ochgan.

Shundan bir kun o‘tib, tergovchilar Krasnoyarsk o‘lkasi Tabiiy resurslar va o‘rmon xo‘jaligi vazirligida tintuv o‘tkazgan. Idoradan ayiqlar sonini tartibga solish bilan bog‘liq hujjatlar olib qo‘yilgan. Hozircha ish bo‘yicha gumonlanuvchilar nomi oshkor qilinmagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Krasnoyarsk o‘lkasida qo‘ng‘ir ayiqlar soni 2,5 barobarga ko‘payib, 26 mingdan oshgan. Aholidan ayiqlarning aholi punktlariga kirib kelgani haqida 120 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Yirtqichlar hududning 15 dan ortiq tumanida, shuningdek Krasnoyarsk, Jeleznogorsk va Zelenogorsk shaharlarida qayd etilgan.

Joriy yilning 24 sentyabr kuni o‘lka Tabiiy resurslar vazirligi 1 214 ta ayiqni otib tashlash bo‘yicha qarorlar qabul qilinganini ma’lum qilgan. Shundan 653 tasi allaqachon yo‘q qilingan.

Mutaxassislar esa ayiqlarning odamlar yashaydigan hududlarga ko‘p chiqayotganini faqat ularning soni ortgani bilan izohlab bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, ozuqa bazasi va yashash hududlarining buzilishi, o‘rmonlarning kesilishi, yong‘inlar, aholi punktlari yaqinidagi chiqindixonalar hamda oziq-ovqat chiqindilarini to‘g‘ri boshqarmaslik bunga sabab bo‘lishi mumkin.

Greenpeace Markaziy va Sharqiy Yevropa eksperti Dmitriy Markinning qayd etishicha, ayiqlarni otib tashlashning o‘zi muammoni hal qilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Keniyaning mashhur Amboseli milliy bog‘ida bir oy ichida 15 ta fil halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing