Keniyaning mashhur bog‘ida 15 ta fil sirli tarzda nobud bo‘ldi
Olam
−
30 iyul 1710 2 daqiqa
Bir oy ichida 15 ta fil halok bo‘ldi. Keniyaning mashhur Amboseli milliy bog‘ida yuz bergan bu sirli o‘limlar ortidan mutaxassislar zaharlanish ehtimolini tekshirmoqda. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, nobud bo‘lgan fillarning 10 tasi o‘limidan oldin qisman falaj alomatlarini ko‘rsatgan. Qolgan beshta filning jasadi kuchli chirigan yoki boshqa hayvonlar tomonidan zararlangani sababli ularning o‘lim sababini aniqlash imkoni bo‘lmagan.
Qayd etilishicha, halok bo‘lgan fillarning aksariyati urg‘ochi fillar va ularning bolalari bo‘lgan. Ular orasida faqat bitta erkak fil bor. O‘lim holatlari Amboseli bog‘i atrofidagi Kimana qo‘riqxonasi hamda Kuku ranchosi hududlarida qayd etilgan.
Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan dastlabki laboratoriya tahlillarida fillardan olingan namunalarda “potensial zaharli modda” aniqlangan. Biroq hukumat laboratoriyasi tomonidan o‘tkazilgan alohida tekshiruvlarda hozircha tekshirilgan zaharli moddalar bo‘yicha ijobiy natija qayd etilmagan.
Keniya yovvoyi tabiat xizmati vakillari fillarning umumiy manbadan zaharlangan yoki zaharlanmaganini aniqlash uchun atrof-muhit tekshiruvlari ham olib borilayotganini ma’lum qilgan. Xususan, hududdagi suv manbalari va boshqa ehtimoliy ifloslantiruvchi omillar o‘rganilmoqda.
Keniyada avval ham brakonerlik va insonlar bilan yovvoyi tabiat o‘rtasidagi ziddiyatlar sabab fillarning zaharlanish holatlari kuzatilgan.
Rasmiylar hozircha ushbu holat odamlar uchun xavf tug‘dirayotgani haqida hech qanday dalil yo‘qligini bildirib, aholini xotirjam bo‘lishga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, Amboseli milliy bog‘i ulkan fillar podasi va savanna manzaralari bilan dunyoga mashhur. Bog‘ hududida qariyb 2 ming bosh fil yashashi taxmin qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ugandada yo‘lda ketayotgan mikroavtobus fil bilan to‘qnashib ketishi oqibatida kamida uch kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi