Vertolyot qulashi oqibatida Ekvador razvedka xizmati rahbari halok bo‘ldi
Olam
−
10:15 728 1 daqiqa
Keniyaning Samburu okrugida sayyohlarni olib ketayotgan vertolyot halokatga uchrashi oqibatida 7 kishi, jumladan 5 nafar AQSH fuqarosi va Ekvador razvedka xizmati rahbari halok bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, vertolyot mamlakat shimolidagi yovvoyi tabiat qo‘riqxonasi va safari maskani hisoblangan Loisaba Conservancy hududiga uchayotgan bo‘lgan. Halokat oqibatida bortdagi 6 nafar yo‘lovchi va uchuvchi vafot etgan.
AQSH Davlat departamenti halok bo‘lganlar orasida 5 nafar amerikalik borligini tasdiqlagan. Ekvador Prezidenti devoni esa mamlakat razvedka xizmati rahbari Mikele Sensi-Kontugi va uning AQSH fuqaroligiga ega rafiqasi Stefani Xollixan ham halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halokat sababi hozircha aniqlanmagan. Sayyohlik kompaniyasi hodisa yuzasidan tegishli idoralar bilan hamkorlik qilayotganini bildirgan.
Keniya Qizil Xoch jamiyati halokat joyidagi qidiruv-qutqaruv ishlari hududning murakkab relefi va yong‘in sabab qiyinlashganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH armiyasining Fort-Xud bazasiga biriktirilgan “Apachi” harbiy vertolyoti Texas shtatida halokatga uchrashi oqibatida 2 nafar askar halok bo‘lgandi.
Live
Barchasi