Ziyoratchilarni olib ketayotgan avtobus YTHga uchradi. O‘nlab qurbonlar bor
Olam
−
16:07 231 2 daqiqa
Bugun, 3 oktyabr kuni Keniyada Mombasa shahriga olib boruvchi avtomobil yo‘lida bir nechta transport vositasi to‘qnashishi oqibatida 17 kishi halok bo‘ldi. Qurbonlarning aksariyati ibodat qilish uchun ziyoratgohga ketayotgan katolik ziyoratchilar bo‘lgan. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Hodisa Salama hududida sodir bo‘lgan. Mahalliy politsiyaga ko‘ra, yuk mashinasi haydovchisi boshqa yuk mashinasini quvib o‘tishga uringan, biroq buning uddasidan chiqa olmagan. Shundan so‘ng, yuk mashinasi boshqa transport vositalari, jumladan, ziyoratchilar bo‘lgan mikroavtobus bilan to‘qnashgan.
YTH oqibatida mikroavtobus haydovchisi va undagi 16 yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lgan. Qurbonlarning aksariyati ayollar ekani aytilmoqda.
Mombasa katolik arxiyepiskopligi rahbari Martin Kivuvaning so‘zlariga ko‘ra, ziyoratchilar Keniya poytaxti Nayrobidan g‘arbda joylashgan Nakuru okrugidagi ibodat qilinadigan joyga ketayotgan bo‘lgan.
Martin Kivuva halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, marhumlarning ruhlari orom topishi va ularning oilalari uchun duo qilishga chaqirgan.
Nashrga ko‘ra, Afrikada yo‘l-transport hodisalari jiddiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Bunday avariyalarga ko‘pincha texnik holati yomon transport vositalari, tezlikni oshirish va yo‘llarning nosozligi sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriya sharqida 57 nafar ziyoratchini olib ketayotgan Polsha avtobusi yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darilishi oqibatida 12 kishi halok bo‘lgani hamda kamida 10 kishi og‘ir jarohatlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi