Internetda haqiqiy inson mumiyolarini sotish boshlandi
Olam
−
11:29 995 2 daqiqa
Mumiyolangan inson qoldiqlari internet orqali sotilib, oddiy pochta xizmatlari orqali yuborilayotgani aniqlandi. Bu haqda “The Guardian“ nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim mumiyolarda zamburug‘ bilan zararlanish belgilari kuzatilgan, biroq sotuvchilar xaridorlarni ehtimoliy xavf haqida ogohlantirmagan.
Qayd etilishicha, Buyuk Britaniya, Litva, Italiya va Avstraliya universitetlarining mutaxassislari 2015-2025 yillarda ijtimoiy tarmoqlar, internet-do‘konlar va auksionlardagi 122 ta inson qoldig‘i hamda 6 ta hayvon qoldig‘iga oid e’lonlarni tahlil qilgan.
Tadqiqot davomida 13 ta e’londa mumiyolangan qoldiqlarda zamburug‘li zararlanishga xos belgilar aniqlangan. Ulardan 8 tasi inson qoldiqlarining sotilishiga oid bo‘lgan, 6 tasida esa mikroorganizmlar ta’sirida to‘qimalarning sezilarli darajada yemirilishi kuzatilgan.
Olimlarning ta’kidlashicha, mumiyolash jarayonida qoldiqlarning quritilishi ulardagi barcha mikroorganizmlar yo‘q bo‘lganini anglatmaydi. Qoldiqlar nam, qorong‘i va yomon shamollatiladigan joylarda saqlansa, zamburug‘lar yana ko‘payishi mumkin. Ularning sporalari havoga tarqalib, mumiyolar bilan ishlaydigan odamlar uchun xavf tug‘dirish ehtimoli bor.
Shuningdek, 22 ta holatda odamlar mumiyolangan inson qoldiqlarini qo‘lqopsiz ushlagani aniqlangan. Sotuvchilar esa xaridorlarni himoya vositalaridan foydalanish zarurligi haqida deyarli ogohlantirmagan.
Mutaxassislar mumiyolarni saqlashda tarixda mishyak, simob va qo‘rg‘oshin kabi zaharli moddalar ishlatilgan bo‘lishi mumkinligini ham qayd etgan. Bunday moddalar teri va nafas yo‘llariga zarar yetkazishi mumkin.
Bundan tashqari, mumiyolangan inson qoldiqlari oddiy pochta va kurer xizmatlari orqali jo‘natilgani aniqlangan. Tadqiqotchilar AQSHdagi xaridorlardan birining Buyuk Britaniyadan Royal Mail orqali yuborilgan inson qoldiqlari solingan posilkadagi suratini topgan. Vaholanki, ushbu pochta xizmati qoidalariga ko‘ra, bunday jo‘natmalar taqiqlangan.
Tadqiqotga ko‘ra, 128 ta e’lonning 26 tasida qoldiqlarning kelib chiqishi umuman ko‘rsatilmagan. Kelib chiqishi qayd etilgan 102 ta e’lonning 44 tasida Misr, 21 tasida esa Janubiy Amerika tilga olingan.
Olimlar mumiyolar orqali kasallik yuqish ehtimoli sog‘lom odamlar uchun past ekanini, biroq immuniteti zaif insonlarda xavf yuqoriroq bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Tadqiqotchilarning fikricha, mumiyolangan qoldiqlar savdosini to‘liq bozor sifatida baholash qiyin, biroq ularni internet orqali sotish va tashish real xavfsizlik muammolarini yuzaga keltirmoqda.
Live
Barchasi