Markaziy Osiyo – Germaniya biznesi uchun katta imkoniyatlar mintaqasi – Mirziyoyev

Jamiyat

image

Bugun, 29 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan iqtisodiy forumda Markaziy Osiyo – Germaniya biznesi uchun katta imkoniyatlar mintaqasi ekanini aydi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, forumda so‘z olgan O‘zbekiston yetakchisi bir necha yil ichida mintaqa mamlakatlari ko‘plab jiddiy masalalarni hal etishga muvaffaq bo‘lgani, chegaralar ochilgani, savdo va transport aloqalari, gumanitar almashinuvlar tiklanganini qayd etgan. 

Mirziyoyev, shuningdek, avtomobilsozlik, energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik, kimyo va farmatsevtika tarmoqlarida, qishloq xo‘jaligida muhim kooperatsiya loyihalarini amalga oshirilayotganini ham qo‘shimcha qilgan. Davlat rahbari chegaradosh hududlarda hamkorlik markazlari va tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yaratilayotganiga alohida to‘xtalgan. 

“Men va barcha hamkasblarim uchun eng avvalo Markaziy Osiyoning tinchligi va osoyishtaligi, barqarorligi va izchil taraqqiyoti muhim. Shunday sharoitlardagina mintaqamiz xorijiy hamkor va investorlar uchun jozibador bo‘ladi”, degan Prezident.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonda Germaniya yetakchi ishlab chiqaruvchilarining yuqori sanoat texnologiyalari bo‘yicha Markaziy Osiyo ko‘rgazmasini o‘tkazish taklifini bildirgan.

Davlat rahbari forum doirasida mintaqa darajasida “yashil” iqtisodiyot loyihalarini amalga oshirish uchun Germaniya muhandislik-loyihalashtirish markazlari va sanoat xoldinglari bilan hamkorlik dasturini ishlab chiqish va qabul qilishni taklif qilgan. 

Prezident malakali mutaxassislarni tayyorlash borasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash ko‘p qirrali O‘zbekiston-Germaniya hamkorligini rivojlantirishning muhim yo‘nalishi ekanini qayd etgan.

“Markaziy Osiyo – Germaniya biznesi uchun katta imkoniyatlar mintaqasi”, degan Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga jo‘nab ketgandi. Shu kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Germaniyaga rasmiy tashrif bilan borgan. U yerda federal kansler Olaf Shols bilan tet-a-tet formatida muzokaralar olib borgan edi


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Shavkat Mirziyoev iqtisodiy forum Markaziy Osiyo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing