Markaziy bank 23 ta moliya tashkilotini jazoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Markaziy banki 23 ta moliya tashkilotini jarimaga tortdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2026 yil iyun oyida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda moliya tashkilotlari faoliyati bilan bog‘liq qator masalalar ko‘rib chiqilgan. Jami 7 ta yig‘ilish davomida 34 ta masala muhokama qilinib, ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilingan.

Yig‘ilishlarda kredit tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, litsenziyalash, banklar faoliyatini nazorat qilish hamda moliyaviy barqarorlik masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, 22 ta masala kredit tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berish va ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘nalishida ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, banklarda audit o‘tkazish huquqini beruvchi auditorlik malaka sertifikatlari, mikromoliya tashkilotlarini hisobga olish, to‘lov tashkilotlariga litsenziya berish, kredit tashkilotlari ustav kapitalidagi ulushlarga egalik qilish bo‘yicha ruxsatnomalar hamda tijorat banklari rahbariyatiga nomzodlarni ko‘rib chiqish masalalari muhokama qilingan.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holati bilan bog‘liq 12 ta masala ham ko‘rib chiqilgan. Unda prudensial me’yorlarga rioya etilishi, o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari natijalari va tashkilotlarning moliyaviy ko‘rsatkichlari tahlil qilingan. Nazorat natijalariga ko‘ra, prudensial talablarni buzgan hamda faoliyatini qonunchilik talablariga to‘liq moslashtirmagan 23 ta bankka nisbatan chora va sanksiyalar qo‘llanilishi haqida ogohlantirish berilgan.

Bundan tashqari, aniqlangan kamchiliklar va qonunchilik talablariga rioya qilinmagani sababli 21 ta bank, 1 ta mikromoliya tashkiloti hamda 1 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llangan. Markaziy bank ushbu choralar moliya tizimida barqarorlikni ta’minlash, tashkilotlar faoliyatida qonuniylik va moliyaviy intizomni kuchaytirishga qaratilganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Anorbank” Instagram’dagi reklama ortidan jarimaga tortilgandi.

Dilnura Urinova


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing